Jamiyat | 14:55 / 07.12.2017
38761
2 daqiqa o‘qiladi

Jig‘ildonning ko‘p qaynashiga befarq bo‘lmang!

Foto: OkeyDok

Jig‘ildon qaynashi haddan tashqari ko‘p kuzatilsa, bu oshqozon saratonidan dalolat berishi ham mumkin. Shu bilan birga, sho‘r mahsulotlar va qizil go‘shtni me'yordan ortiq iste'mol qilish ushbu kasallik xavfini oshiradi. "Ortodoks" tibbiy portali shu haqida ma'lum qildi. 

Afsuski, oshqozon saratoni ko‘pincha oxirgi bosqichlarida aniqlanadi, bunday holatlarda esa bemorning shifo topishi juda qiyin. Bu kasallikning ilk bosqichlarini farqlash qiyinligi bilan bog‘liq, ko‘pchilik ularga jiddiy e'tibor bermaydi. Biroq bulardan biri jig‘ildonning ko‘p qaynashidir. 

Britaniyalik olimlarning ta'kidlashicha, agar insonning har ovqatlanganidan keyin jig‘ildoni davomli qaynasa, gastroenterologga uchrashish foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Oshqozon saratonining boshqa belgilari qorin sohasidagi og‘riqlar, hatto ozgina taom iste'molidan keyin ham to‘qlik hissi kuzatilishi, shuningdek yutinganda qizib ketish hisoblanadi.

Axlatda qon paydo bo‘lishi, ko‘pincha ovqatning hazm bo‘lmasligi va kutilmaganda nafas siqishi kabi belgilar kuzatilsa, darhol shifokorga uchrashish zarur. 

Oshqozon saratoni rivojlanish omillariga sho‘r taomlar, spirtli ichimliklar hamda qizil go‘shtning me'yordan ortiq iste'moli va jismoniy harakatlarning yo‘qligi kiradi. Oshqozon saratoni ushbu organning har qanday sohasida boshlanishi mumkin, biroq davolanish ko‘pincha o‘simta joylashgan joy va uning hajmiga bog‘liq. Oshqozon saratoni rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan guruhga erkaklar, ko‘p tamaki chekuvchilar va 75 yoshdan oshgan kishilarni kiritish mumkin. 

Oshqozon saratoni asosan jarrohlik operatsiyalari, kimyo terapiyasi, nurlantirish hamda bioterapiya yordamida davolanadi. Kichik o‘simtalarni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash mumkin, biroq kattaroqlari kompleks davolashni talab qiladi.

Mavzuga oid