O‘zbekiston | 13:43 / 30.12.2017
43991
3 daqiqa o‘qiladi

Bugungi “O‘tgan kunlar”, bugungi qahramonlar qani? – Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 dekabr kuni milliy kino san'ati va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

“Bugun sizlar bilan gaplashishdan ko‘zlangan eng katta maqsad – “O‘zbekkino” milliy agentligi va uning tizimida hamma rahbarlar yangi bo‘ldi. Agar odamlar, xalqimizdan adolatli so‘rasak, hozirgi kinolarning saviyasi bizning ongimizga, ma'naviyatimizga, ma'rifatimizga qanday ta'sir ko‘rsatmoqda, degan savolga javob yo‘q. Shuni bilib bilmaslikka olib yuraverdik, bor narsamizni yo‘q qildik. Ijodiy ahlimizga ahamiyat bermay, ularni o‘zimizdan uzoqlashtirdik. Ular o‘z ustida mutlaqo ishlamadi, sharoit yaratilmadi, rivojlanmadik, desak bu haqiqat. Mana, 2017 yil tugamoqda. Vaqtimiz juda ziq bo‘lsa ham kelgusi yilni muhokama qilish kerak. Yangi rahbariyat tasavvur qiladimi nima qilish kerakligini, yana nima yetmaydi, nimalarga biz e'tibor berishimiz kerak? Tarbiya ahamiyatga ega bo‘lgan kinolarimiz, shoh asarlarimiz bor. Xo‘sh, o‘shalarni ham bir paytlar bizga o‘xshagan odamlar yaratgan-ku?! 

Mana, bizning qarorimiz bilan katta-katta imkoniyat ochildi sizlarga. Lekin, sizlarning eng katta zaif joylaring bitta narsa – kadr yo‘q. Ma'naviy yo‘nalishlarimiz iqtisodiy yo‘nalishlardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak. Ana shunda biz hozirda qilayotgan katta-katta rejalarimiz, dasturlarimiz amalga oshadi. Agarda biz shuncha sharoit yaratildi, deb yuraversak, kadrlar tayyorlashni chetga qo‘yib qo‘ysak, uch-to‘rt yildan keyin ham shunday ahvol bo‘ladi. Kino sohasi, “O‘zbekkino”ning rivojlanishi ustuvor yo‘nalishlarimizdan biri. Yoshlarimizni tarbiya qilish nuqtai nazardan eng katta narsa – odamlarimiz bir paytlari “O‘tgan kunlar” yordamida g‘urur, iftixor, ma'naviyat ozuqa olgan. Bugungi “O‘tgan kunlar”, bugungi qahramonlar qani, degan masala meni juda qiynaydi”, - dedi prezident.

Mavzuga oid