O‘zbekiston | 11:18 / 13.02.2018
16765
5 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat ishi protest berilmay nazorat tartibida qayta ko‘rilishi mumkin

Foto: Fotolia

29.01.2018 yildagi O‘RQ–463-son Qonun bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish tartibi birmuncha o‘zgartirildi. Jinoyat-protsessual kodeksga tegishli tuzatishlar «Xalq so‘zi» gazetasida e'lon qilingan va 1.04.2018 yildan kuchga kiradi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.

Bugungi kunda yangi ochilgan holatlar munosabati bilan faqat prokurorning protesti bo‘yicha ish nazorat tartibida qayta ko‘rilishi mumkin. Buning uchun to‘rtta asos JPKning 522-moddasida ko‘rsatilgan. Ulardan uchtasi haqiqat qaror topishiga xalal bergan jinoiy qilmishlardir. Ular sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan tasdiqlanadi. Ya'ni JPKning 522-moddasi 1-3-bandlaridako‘rsatilgan holatlarning har biri bo‘yicha prokuror yangi jinoyat ishini qo‘zg‘atadi, u mustaqil ravishda tergov qilinadi va ko‘rib chiqiladi. Ular bo‘yicha chiqarilgan hukm ushbu holatlar ta'sir o‘tkazgan birinchi ishni nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun asos hisoblanadi. To‘rtinchi asos (JPKning 522-moddasi 4-bandi) prokuror tomonidan mustaqil ravishda yoxud uning topshirig‘iga ko‘ra tergovchi yoki surishtiruvchi tomonidan tergov qilinadi.  

Yakunlarga ko‘ra, nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqilayotgan ish sudga yo‘llanadi. Unga prokuror protesti va, qayta ko‘rib chiqish asoslariga qarab, qonuniy kuchga kirgan hukm nusxasi (JPKning 522-moddasi 1-3-bandlari bo‘yicha) yoki tergov materiallari (JPKning 522-moddasi 4-bandi bo‘yicha) ilova qilinadi.

2018 yil 1 apreldan boshlab yangi ochilgan holatlar munosabati bilan quyidagi jarayon ishtirokchilarining shikoyati bo‘yicha ham jinoyat ishi nazorat tartibida qayta ko‘rilishi mumkin:

• mahkumning, uning himoyachisining, qonuniy vakilining;
• jabrlanuvchining yoki uning vakilining;
• fuqaroviy da'vogarning, fuqaroviy javobgarning va ularning vakillarining – fuqarolik da'vosiga taalluqli qismida;
• sud tomonidan oqlangan shaxsning, uning himoyachisining va qonuniy vakilining – oqlash vajlari va asoslari qismida.

Bunda amaldagi tartib bekor qilinmaydi va ishlashda davom etadi. Shu tariqa, yangi ochilgan holatlar munosabati bilan ishni qayta ko‘rish ikkita ssenariy bo‘yicha: prokuror tomonidan protest berilishi vositasida yoxud prokuror tomonidan protest berilmasdan jarayon ishtirokchisining shikoyati bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.

Nazorat tartibidagi shikoyatda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1 – u yo‘llanayotgan sudning nomi. Viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlari ustidan – Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga; Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya yoxud nazorat tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha Oliy sudning Rayosatiga nazorat tartibida shikoyat qilinadi.
2 – shikoyat bergan shaxs, uning protsessual mavqei, yashash joyi yoki turgan joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar.
3 – hukmni chiqargan sudning nomi, hukm chiqarilgan sana, shikoyat qilinayotgan hukm kimga nisbatan chiqarilgan bo‘lsa, shu shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlar.
4 – shikoyat bergan shaxsning uning fikriga ko‘ra hukmning yoki boshqa qarorning noto‘g‘riligi nimadan iborat ekanligi borasidagi vajlari va uning iltimosining mohiyati.
5 – arizachi o‘z talablarini asoslayotgan va nazorat instansiyasi sudi tomonidan tekshirilishi lozim bo‘lgan dalillar.
6 – shikoyatga ilova qilinayotgan materiallarning ro‘yxati. Nazorat tartibida berilgan shikoyatga ish bo‘yicha qabul qilingan, sud qarorlarining sud tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini ilova qilish zarur.
7 – shikoyat berilgan sana hamda uni berayotgan shaxsning imzosi.

Nazorat tartibidagi shikoyat unga ilova qilingan materiallar bilan birga Oliy sudning sudyasi tomonidan o‘rganib chiqiladi. Zarur bo‘lgan hollarda u jinoyat ishini ham talab qilib olishga haqli. Shikoyatni ko‘rib chiqish muddati – bir oygacha, ish talab qilib olinadigan va tekshiriladigan hollarda esa – 2 oygacha.

Sudya tomonidan chiqarilgan ajrim haqida (ishni qayta ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risida yoxud shikoyatni Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga o‘tkazish to‘g‘risida) shikoyat bergan shaxsga 3 kunlik muddatda xabar qilinadi.

Mavzuga oid