Iqtisodiyot | 09:41 / 24.03.2018
32185
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident bank tizimidagi qator muammo va kamchiliklarni belgilab berdi 

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlari joriy etilmoqda, ularning turlari kengaymoqda, tadbirkorlar va aholi uchun moliyaviy ochiqlik oshib bormoqda. 

Aholi uchun valyuta ayirboshlash amaliyotlarini amalga oshirishni yengillashtiruvchi yangi bank xizmatlari joriy etildi, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish uchun imkoniyatlar yaratildi. 

Shu bilan birga, bank xizmatlari iste'molchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga, ayniqsa, hududlarda rioya etish hamda moliyaviy ochiqlikni kengaytirish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish madaniyati va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishda bir qator muammo va kamchiliklar kuzatilmoqda. Xususan: 

birinchidan, kreditlarni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishda vakolatlar haddan tashqari markazlashganligi bosh banklar va ularning filiallari o‘rtasidagi javobgarlikning aniq chegaralanishiga to‘sqinlik qilmoqda; 

ikkinchidan, kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqishning murakkab mexanizmlari kreditlarni tezkor olish imkoniyatlarini chegaralamoqda; 

uchinchidan, tijorat banklari tomonidan mikroqarzlar ajratilishi imkoniyatining mavjud emasligi mikroqarzlarni olish darajasini oshirishni ta'minlamayapti, mikrokredit tashkilotlar va lombardlarning xizmatlari bo‘yicha yuqori foiz stavkalari aksariyat holatlarda iste'molchilarning moliyaviy holati yomonlashishiga olib kelmoqda; 

to‘rtinchidan, chakana bank xizmatlari bozorining past darajada rivojlanganligi va mijozlar bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishning zamonaviy yondashuvlari mavjud emasligi ortiqcha byurokratiya va sansalorlik uchun zamin yaratmoqda; 

beshinchidan, bank kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha davlat protsessing tashkilotining mavjud emasligi chakana to‘lov tizimlarining xavfsizlik, uzluksizlik va ishonchlilik darajasiga ta'sir ko‘rsatmoqda va aholining keng qatlamlari uchun ochiq innovatsion loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy texnologik yechimlarni ilgari surishga to‘sqinlik qilmoqda; 

oltinchidan, kreditlarni (mikroqarzlarni) ko‘rib chiqish va ajratish uchun xizmat haqlari va boshqa to‘lovlarning undirilishi qarzning real qiymati oshishiga olib kelmoqda; 

yettinchidan, shartnomalarga xizmatlar uchun tariflar, ajratilgan kreditlar va qabul qilingan depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarni bir tomonlama o‘zgartirishni nazarda tutuvchi shartlarni kiritish, shuningdek, bir xizmatni qo‘shimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan ko‘rsatish bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini buzmoqda; 

sakkizinchidan, bank to‘lov kartalaridan chet el valyutasini yechish bo‘yicha cheklovlarning mavjudligi va bankomatlar sonining yetarli emasligi valyuta ayirboshlash amaliyotlarini amalga oshirishda xizmat ko‘rsatishni talab darajasida ta'minlamayapti. 

Mavzuga oid