O‘zbekiston | 16:47 / 11.05.2018
8508
3 daqiqa o‘qiladi

Lombardlar va mikrokredit tashkilotlari nimalarni undira olmaydi?

Lombardlar tomonidan faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish qoidalari va Mikrokredit tashkilotlari tomonidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, lombardlar fuqarolarga shaxsiy iste'mol uchun mo‘ljallangan ko‘char mulk garovi evaziga 3 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga kreditlar taqdim etadilar.
 
Mikrokredit tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq mikrokredit (1 000 EKIHdan ortiq bo‘lmagan miqdorda), mikroqarz (100 EKIHdan ortiq bo‘lmagan miqdorda), mikrolizing (2 000 EKIHdan ortiq bo‘lmagan miqdorda), shuningdek boshqa mikromoliyaviy xizmatlar sohasida, shu jumladan iste'mol kreditlari berish xizmatlarini ko‘rsatadi.
 
Lombardlar va mikrokredit tashkilotlariga ariza va kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish, ssuda hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish, kreditlar, mikrokreditlar (mikroqarzlar) ajratish uchun to‘lovlar, shuningdek kreditlar, mikrokreditlar (mikroqarzlar) muddatidan ilgari so‘ndirilganligi uchun neustoyka undirish taqiqlandi.
 
Hujjatlarda lombardlar bilan kredit shartnomalari va mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha yillik qarz summasining yarmidan ko‘p miqdorda foizlar hisoblash, komissiya va neustoyka (shtraf, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llashga taqiq ham belgilangan.
 
Aniqlashtirilishicha, garovga yoki saqlash uchun lombardga topshirilgan mol-mulk yo‘qolganda, kamomad aniqlanganda kompensatsiya masalasi u yo‘qotilgan holatda bo‘lganidek hal etiladi. Egasiga garov pattasi yoki saqlash pattasida ko‘rsatilgan baholash qiymati narxida to‘lanadi. Agar kamomad yengib bo‘lmas kuch oqibatida yuz bergan bo‘lsa va lombard buni isbotlay olsa – zarar to‘lanmaydi.
 
Mikrokredit tashkilotining kapitalini hosil qiluvchi komponentlarga ham tuzatish kiritildi: ustav kapitali, zaxira kapitali, taqsimlanmagan foyda va boshqa o‘z mablag‘lari. Shu tariqa, olingan daromadlar, grantlar va tekinga olingan mol-mulk ro‘yxatdan chiqarib tashlandi.  
 
Hujjatlar 8.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid