O‘zbekiston | 18:00 / 10.07.2018
9099
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekdi

«Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (yangi tahriri) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.

Qonunning maqsadi – integratsiyalashgan tadbirkorlik hamjamiyatini shakllantirish va tadbirkorlarning davlat organlari bilan samarali hamkorligini ta'minlashdir.

Qonunda Palataning vazifalari va funksiyalari, Palataning davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi, tadbirkorlar faoliyatini tekshirishlarda Palataning ishtiroki, Palata faoliyatini tashkil etish, Palataning xalqaro hamkorligi, nizolarni hal qilish mexanizmi nazarda tutilgan.

Xususan, qonunga muvofiq Palataga a'zolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlar uchun esa majburiydir.

Palataga a'zolik tadbirkor va Palata o‘rtasida shartnoma tuzish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.

Palata a'zolari Palata ustavida hamda a'zolik to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan teng huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi.

Qonun e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Mavzuga oid