Jahon | 16:00 / 10.07.2018
27125
3 daqiqa o‘qiladi

Tailanddagi g‘orda qamalib qolganlarning barchasi qutqarildi

Foto: Reuters

Tailanddagi g‘ordan 12 nafar o‘smir va ularning murabbiyi tashqariga olib chiqildi. Bu haqda Spring News telekanalida xabar berildi.

Qutqaruvchilar bugun yana 5 bolani va murabbiyni mahalliy vaqt bilan soat 17:43da (Toshkent vaqti bilan soat 15:43da) g‘ordan olib chiqishgan.

Qutqaruv amaliyotining oxirgi bosqichi 3 kun davom etdi. Birinchi va ikkinchi kunlarda 4 nafardan o‘quvchi qutqarilgandi.

Ayni vaqtda qutqarilganlarning barchasi Chiangray shahridagi shifoxonaga olib borilgan. Ular bu yerda bir necha kun davomida tiklanish jarayonini o‘tashadi.

11 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar bola va ularning murabbiyi 23 iyunda Tailandning eng shimoliy nuqtasida joylashgan Txam Luang g‘origa otlangandi. Ular g‘or ichiga sayr qilgani kirib ketib, kuchli yomg‘irlar oqibatida g‘ordan chiqish yo‘llari suv ostida qolgani sababli u yerda qolib ketishadi.

Yosh futbolchilar murabbiy bilan birgalikda velosipedda 23 iyun kuni shu atrofdagi stadionda mashq qilgandan so‘ng g‘orga borgan. Avvallari ular qurg‘oqchilik mavsumida favqulodda sharoitda mashq qilish va jamoa ruhini ko‘tarish uchun tez-tez g‘orga kelib turgan.

Guruh ko‘p marta g‘orning 7 kilometr chuqurlikdagi yerlarigacha borgandi, biroq bu safar bolalar g‘orga kirganidan bir necha soat o‘tib boshlangan sel yer ostida kutilmagan toshqinni keltirib chiqaradi va natijada g‘ordan chiqish yo‘li yopilib qoladi.

Qidiruv ishlari 24 iyunga o‘tar kechasi boshlandi. G‘orga kirish joyida 11ta velosiped va murabbiyga tegishli mototsikl topiladi. Bolalardan hech qaysi biri ota-onasiga g‘orga borishi haqida aytmagandi.

Bolalar va murabbiyni Tailand harbiy-dengiz kuchlari suzuvchi va keyv-dayverlari (chuqurlikdagi g‘orlarga tushish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis) ular yo‘qolganining o‘ninchi kunida topishdi. Buyumlar g‘orga kirish joyidan 5 kilometr uzoqda qoldirilgandi. Qutqaruv ishlariga minglab kishilar jalb qilindi.

8 iyul kuni ota-onalar ruxsati bilan qutqaruv amaliyotining oxirgi bosqichi boshlandi. Hududga yangi musson yomg‘irlari xavf solayotgani tufayli bolalarni xavfli yo‘l bilan bo‘lsada olib chiqishga qaror qilindi - aks holda g‘or ichi yaqin vaqt ichida suvga to‘lishi tufayli ichkaridagilarning barchasi halok bo‘lishi mumkin edi.
 

Mavzuga oid