Sport | 15:10 / 17.07.2018
29577
7 daqiqa o‘qiladi

Hafta savoli: Ronalduning transferi futbolka sotuvi orqali qoplandimi?

Krishtianu Ronaldu «Yuventus»ga 112 million yevro evaziga o‘tgach, keyingi kun voqealari tabiiy ravishda, futbolchi transferi ustidan marketing masalasi, misol uchun, Ronaldu ismi tushirilgan futbolkalarning sotilishi haqida xabarlar ko‘paydi. 16 iyul kuniga kelib «Yuventus» 55 million yevrolik futbolka sotgani haqida ma'lumot taqdim etilgach, go‘yoki, ushbu transfer qiymatining qariyb yarmi juda qisqa muddatda qoplangani haqida yoza boshlashdi. Bu haqida ayniqsa, futbolga ixtisoslashmagan yangilik saytlari bong urishdi.

Foto AFP

Aslida ham shundaymi? Agar qandaydir hafta ichida eng qimmat transferlarni ham qoplash mumkin bo‘lsa, nega klublar bunday ishga tez-tez qo‘l urishmaydi? Nega futbolchining narxi shunga yarasha yana bir necha barobar qimmat bo‘lib ketmagan?

Bu noto‘g‘ri fikr. Adidas, Nike kabi kompaniyalar tuziladigan homiylik shartnomalari oddiy homiylik shartnomalaridan farq qiladi. Misol uchun, Adidas «Yuventus» bilan katta miqdorda shartnoma tuzdimi, bu kompaniyaning o‘z mahsulotlarida klub brendidan foydalanish imkonini ham beradi. Ushbu kompaniyalarning mana shunday yirik transferlarda bosh-qosh bo‘lishlari (Pogbaning «MYu»ga o‘tishdagi holatni eslang) ham shundan. Kompaniya o‘zi homiylik qilayotgan klublarda imkon qadar brend futbolchilarning, yulduzlarning to‘p surishini istashadi. Bu ba'zida jamoaning futboldagi natijalaridan ham kattaroq ahamiyat kasb etib yuboradi.  

Albatta, Ronalduning transferi «Yuventus»ga marketing sohasida katta daromadlarni olib kelishi bor gap. Klub imiji, dunyo bo‘ylab e'tiborning oshishi, translatsiyalardagi ulush o‘z-o‘zidan klubning marketing bo‘yicha muzokaralarida qo‘l keladi, kelishuv summalarini sezilarli darajada oshirishi turgan gap. Masalan, Ronalduning Turinga o‘tishi haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lgan kundan boshlab bugungacha, «Yuventus»ning aksiyalari 33 foizga oshgan. Ammo yuqorida aytilganidek, klublarning futbolka sotish orqali transfer qiymatini osongina qoplashlari to‘g‘ri ma'lumot emas.

Futbolkalar, klub liboslarini ishlab chiqarish, sotish va foyda ko‘rish bilan klub emas, aynan Adidas, Nike kabi kompaniyalar shug‘ullanishadi. Klublar faqat avvaldan belgilab qo‘yilgan yillik to‘lovlarni va qo‘shimcha futbolkalar sotuvidan tushgan daromadning 10-15 foizini oladi, xolos. Misol uchun, Adidas Ronalduning futbolkasidan 55 million yevro daromad qilgan bo‘lsa, «Yuventus»ga shundoq ham har yili oladigan summasiga qo‘shib, 55 millionning 10-15 foizi – 5-8 million yevro berishi mumkin xolos. Ya'ni, yirik transferning to‘lig‘icha, hatto yarmi ham sotilayotgan futbolkalar yordamida qoplanishi deyarli imkonsiz ish.

Bundan tashqari, yangi futbolchining transferi futbolka bozorini larzaga keltira olmaydi. Aksariyat hollarda, shundoq ham har yili futbolka sotib oladigan muxlislar bu safar yangi yulduz futbolchining libosini sotib olishga urinishadi. Ya'ni, yulduz futbolchining futbolkasi boshqalardan ko‘proq sotilishining ortida qaysidir boshqa futbolchining futbolkasi sotilmasligi, savdosining kamayishi yotadi.

To‘g‘ri, Krishtianu Ronaldu – istisno, dunyo bo‘ylab uning personal muxlislari millionlab topiladi. Yoki futbolchi tug‘ilib o‘sgan yurtda savdo sezilarli oshishi (esingizda bo‘lsa, «Manchester Yunayted» va «Arsenal» klublari o‘z saflariga xitoylik futbolchilarni qo‘shib olgandilar) kuzatilishi xolos. Boshqa joylardagi «Yuventus» muxlislari esa, shundog‘am futbolka sotib olishni rejalashtirgan bo‘lishadi va xaridni amalga oshirganda - shunchaki, yangi futbolchi ismi tushirilgan futbolkani tanlashadi.

55 million yevro qayerdan keldi?

Foto AFP

Hozirda Ronaldu ismi tushirilgan 520 ming dona futbolka sotilgani aytilmoqda. Aytaylik, 2016 yilda «Yuventus» sotgan futbolkalar soni 850 ming donani tashkil etgan. «Manchester Yunayted», «Real» kabi grandlar esa, yiliga 3 millionga yaqin futbolka sotadi. Taxmin qilish mumkinki, «Yuventus»ning ko‘rsatkichi har doimgisidan bir necha barobar oshib ketmaydi.

520 ming futbolka sotuv narxidagi 105 yevroga ko‘paytirilib, 55 million yevroga yaqin summani chiqarishyapti. Ammo shuni ham e'tiborga olish kerakki, 105 yevro futbolkaning sotilish narxi bo‘lib, uning ichida mahsulot tannarxi, logistika xarajatlari va soliqlar ham bor. Ya'ni, 55 million yevro foyda emas, daromad, foyda bu summadan sezilarli kam bo‘lishi aniq. Nafaqat «Yuventus», hatto Adidas ham Ronalduning futbolkalaridan yuqoridagi ko‘rsatilgan summadagi foydani olgani yo‘q.

Savol tug‘ilishi mumkin, nega klublarning o‘zi futbolka ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, katta daromadlar qilishmaydi?

Foto REUTERS

Javobi oddiy, futbol klublari sport formasi ishlab chiqaruvchi korxona emas. Ularning distribyutorlardan iborat global tarmog‘i ham, logistika markazlari ham, minglab, balki million liboslarni ishlab chiqarish va yetkazib berishni yo‘lga qo‘ya oladigan imkoniyatlari ham yo‘q. Klublar hatto o‘zlarining internet-magazinlarini boshqarishda tovarlarni yetkazib berish uchun boshqa logistik kompaniyalar hizmatiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi, bu esa libos ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning ishi oldida hech narsa emas. 

Futbol klublarida bu sohaning nahanglari oldida resurs ham, non ham yo‘q. Futbol klublari ko‘zimizda qanchalik yirik ko‘rinmasin, Adidas yoki Nike kompaniyalari oldida juda kichikdir. Xususan, Nike kompaniyasining so‘nggi 4 oylik daromadi 7 milliard dollardan oshdi - bu esa, «Chelsi»ning 112 yillik tarixida qilgan daromadlaridan ko‘proqdir. 

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid