Ektor Kuper yoki Chiro Ferrara O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkin
O‘FA O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy izlash bilan band.
Championat.asia sayti xabariga ko‘ra, O‘FA ayni paytda yevropalik va argentinalik mutaxassislar bilan muzokara o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkin bo‘lgan nomzodlar orasida gruziyalik Shota Arveladze, italiyalik Chiro Ferrara va argentinalik Ektor Kuper nomlari mavjud.
«Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze takliflarga rad javobini bergan.
O‘FA esa Misr terma jamoasini JChga olib chiqqan va Rossiyadagi mundialdan so‘ng iste'foga chiqarilgan Ektor Kuperni yurtimizga olib kelmoqchi. Ayni paytda ushbu mutaxassis bilan ham muzokaralar o‘tkazilmoqda. Ektor Kuper Misr terma jamoasidan mundialdagi muvaffaqiyatsiz ishtirok tufayli iste'foga chiqarildi. Misr JCh guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchradi. Ayni paytda esa argentinalik Ektor Kuper O‘zbekiston terma jamoasi varianti ustida bosh qotirmoqda. Agarda muzokaralar ko‘ngildagidek yakun topsa, unda Ektor Kuper terma jamoamiz ruliga kelishi mumkin.
Ektor Kuper yaqin o‘tmishda «Valensiya» va «Inter» jamoalaridagi faoliyati bilan tanish mutaxassis sanaladi.
O‘FAning short-listida italiyalik Chiro Ferrara nomzodi ham mavjud. «Napoli» va «Yuventus» jamoalarida ko‘p yillar o‘ynagan Ferraraning murabbiylik faoliyati yorqin kechmayapti. Uning oxirgi ishlagan joyi Xitoy Birinchi ligasi. «Uxan Chjoer» klubi rahbariyati Ferrarani 2017 yilgi mavsumning muvaffaqiyatsiz startidan so‘ng iste'foga chiqargandi. Bunga qadar esa Ferrara turli yillarda «Yuventus» va «Sampdoriya» jamoalarini qisqa muddat boshqargan va u yerdan ham haydalgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘FA bundan avval portugaliyalik mutaxassis, Eron terma jamoasini JChga olib chiqqan Karlos Keyrush bilan muzokaralar o‘tkazayotgandi. Ammo ushbu muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangani bois Keyrush varianti nomzodlar ro‘yxatidan o‘chirilgan.
O‘FA esa O‘zbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi nomini shu yilning iyul oyida rasman e'lon qilishi haqida ma'lum qilgandi.
O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan yilning sentabr oyidan buyon bosh murabbiysiz qolmoqda. O‘rtada terma jamoamizning o‘rtoqlik o‘yinlariga tayyorlash uchun ma'lum muddat Ro‘ziqul Berdiyev va Temur Kapadze vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida ishladilar.
Mavzuga oid
17:58 / 20.12.2024
FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi 2024 yilni 58-o‘rinda yakunladi
21:04 / 29.11.2024
O‘zbekistonning 2024 yildagi eng yaxshi futbolchisi nomi uchun da’vogarlar e’lon qilindi
21:06 / 28.11.2024
FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z o‘rnida qoldi
18:51 / 21.11.2024