O‘zbekiston | 11:02 / 28.07.2018
80699
5 daqiqa o‘qiladi

«STV» telekanali faoliyati to‘xtatildi, «Sevimli» telekanali qat'iy ogohlantirildi

Foto: stv.uz

Internet tarmog‘ida respublikamizda faoliyat yuritayotgan ayrim telekanallar tomonidan pornografik va hayosizlikni targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatilgani haqidagi lavhalar paydo bo‘ldi hamda ular foydalanuvchilarning keskin muhokamasini keltirib chiqardi. Axborot faoliyati va ma'lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining 2018 yil 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishi mazkur masalaga bag‘ishlandi, deya xabar bermoqda KUN.UZ’ga Matbuot va axborot agentligi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi «Master media production and broadcast» mas'uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan «Sevimli» va «STV» telekanallari monitoringida bir qator qonun talablari buzilganini ma'lum qildi.

Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi «Sevimli» telekanali orqali 2018 yil 15 iyul kuni coat 21:10da efirga uzatilgan «Hurliqo» («I feel pretty») badiiy filmining 45-daqiqasida pornografik mazmundagi sahna mavjudligi aniqlangan.

Bundan tashqari, ushbu telekanalda ma'naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga zid, yoshlarning odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yozishmalar, matnida hayosizlikni tashviqot qiluvchi jumlalar mavjud xorijiy qo‘shiqlar namoyish etilgani kuzatilgan.

Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi «STV» telekanali 2018 yil 21 iyul kuni coat 09:17 da hayosizlikni targ‘ib qiluvchi, ayniqsa yoshlar odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta'sir etuvchi «Sausage party» nomli xorij multfilmini efirga uzatgan. Jumladan, multfilm qahramonlarining hayosizlikni targ‘ib qiluvchi beo‘xshov qiliqlari, behayo suhbatlari, narkotik moddalarni qabul qilish, surbetlarcha qovushish sahnalari ochiq-oshkora namoyish etilgan. 

Bolalar uchun mo‘ljallangan bunday «multfilm»larni efirga uzatayotgan muharrirlar, jurnalistlar, kanal rahbarlari va texnik xodimlarining farzandlari, oilasi, ayoli, nabiralari yo‘qmi? Ular bunday xatti-harakatlari bilan kelajagimiz egalari – aziz farzandlarimizga nima demoqchi, kimning tegirmoniga suv quymoqda? Bu sahnalarni efirga uzatganlar farzandlarining ko‘ziga qaray olarmikan?!

Bundan tashqari, mazkur telekanal orqali 2018 yil 22 iyul kuni soat 22:45da xorijning «Ya legenda» filmi efirga uzatilgan. Mazkur film syujyetida virus tarqalgan hududda odamxo‘rlar va vahshiy hayvonlarning odamga hujum qilish, uni yeyishga urinish bilan bog‘liq vahshiylik, shafqatsizlik sahnalari mavjudligi aniqlangan. Syujyetida tomoshabinlarni dahshatga soluvchi qo‘rqinchli tasvirlar mavjudligi bois, mazkur film «O‘zbekkino» Milliy agentligining ekspert komissiyasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi hududida namoyish etish, ko‘paytirish va tarqatish tavsiya etilmagan filmlar ro‘yxati»ga kiritilgan.

Telekanallar tomonidan nomlari qayd etilgan film va multfilmlarni efirga uzatish oqibatida O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasi, «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunining 5-moddasi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 16-moddasi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 14- va 15-moddalari talablari buzilgan.

Yuqoridagi qonun buzilish holatlaridan kelib chiqib, Idoralararo Komissiya qaroriga asosan «Master media production and broadcast» mas'uliyati cheklangan jamiyati muassisligidagi «STV» telekanalini efirga uzatish nomuayyan muddatga to‘xtatildi. 

«Sevimli» telekanali mas'ul xodimlariga keskin choralar qo‘llanilgani inobatga olinib, bunday holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan telekanal rahbariyati qattiq ogohlantirildi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi barcha teleradiokanallar, boshqa turdagi ommaviy axborot vositalarini mamlakatimizda mavjud qonunlar talablarini hurmat qilishga, ma'naviyatimiz, urf-odatlarimiz, yoshlar tarbiyasiga zarar keltirishga qaratilgan materiallarni tarqatmaslikka chaqiradi hamda bunday holatlar takrorlangan taqdirda qat'iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantiradi, deyilgan xabarda.

Mavzuga oid