Sport | 18:13 / 06.08.2018
16442
3 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: «Agar natijaga erishishimga ishonmaganimda, bu ishga qo‘l urmasdim»

Foto: Ma'ruf Asqarov / TRIBUNA.UZ

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper o‘zining ilk matbuot anjumanida qisqa muddat ichida yirik natijalarga erishib bo‘lmasligini ta'kidlagan holda, terma jamoani muvaffaqiyatli boshqara olishiga murabbiy sifatida qat'iy ishonishini ham aytib o‘tdi.

«Birinchi qadam – tanishuv. Hammasini sekin-asta, qisqa, lekin ishonchli qadamlar bilan boshlaymiz. Qisqa vaqt ichida mo‘'jizalar kutish yaramaydi. Oldingi ishlagan joylarimda ham aytganman: men oddiy murabbiyman», - dedi Kuper.

Matbuot anjumanidan oldinroq O‘FA 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov murabbiy bilan uchrashib, uning oldiga Qatar-2022 mundialiga yo‘l olish bilan birga Tokio olimpiadasi yo‘llanmasi ham vazifa qilib qo‘yilganini ma'lum qilgandi. Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan ushbu masala, ya'ni murabbiyning turli yosh toifasidagi terma jamoalar bilan qay darajada bog‘liqligi haqidagi savolga argentinalik mutaxassis quyidagicha javob berdi:

«Men birinchi navbatda milliy terma jamoaga javobgarman. Olimpiya termasi faoliyatini kuzatib borishim mumkin, lekin uning natijalari uchun javob bermayman. Osiyo kubogi, Jahon chempionati saralashi musobaqalari men uchun ustuvor vazifalardir.

Turli yosh toifalaridagi terma jamoalarni, shu jumladan olimpiya terma jamoasini ham faqat kuzatib borishim mumkin xolos».

Ektor Kuperdan o‘zining uzoq muddatli dasturga ega yoki ega emasligi haqida ham so‘rashdi.

«Barcha murabbiylarning ham o‘z dasturi bo‘ladi. Hozir katta dastur yoki loyiham borligi haqida gapirishim ham mumkin, lekin men qisqa, sekin va aniq o‘ylangan kichik qadamlarni qo‘yishdan boshlashni ma'qul deb hisoblayman. Katta dasturni e'lon qilgandan ko‘ra men shuni afzal bilaman», - dedi Ektor Kuper.

62 yoshli tajribali murabbiy O‘zbekiston terma jamoasini muvaffaqiyatli boshqara olishiga qat'iy ishonishini ham ta'kidlab o‘tdi.

«Albatta, motivatsiya va umidlar bor... Ishonganim uchun ham shu ishga qo‘l uryapman. Agar shu jamoa bilan natijaga erisha olishimga ishonchim bo‘lmaganida edi, bu ishni qilmasdim», - deb aytdi terma jamoaning yangi bosh murabbiyi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasida Kuperdan tashqari uning hamyurti Xose Karlos Fantagutstsi va gretsiyalik Antonio Sarioglu yordamchi murabbiy, misrlik Mahmud Fayoz Muhammad Shudaf jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha assistent bo‘lib ishlaydi.

Mavzuga oid