O‘zbekiston | 19:56 / 06.08.2018
12441
8 daqiqa o‘qiladi

Rezidentlarga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berilishi mumkin

Foto: Pixabay

Urbanizatsiya va ijtimoiy rivojlanish milliy agentligini tashkil etish hamda fuqarolar va yuridik shaxslar – rezidentlarga yer uchastkalarini sotib olish huquqini berish mo‘ljallangan. Yerni sotishdan tushgan mablag‘larni kompleks qurilish va hududlarni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirish taklif etilmoqda, deb yozadi Norma.

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida muhokama qilinayotgan prezidentning normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari: «Urbanizatsiyani tartibga solish va davlat uy-joy siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va ijtimoiy rivojlanish milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorida ana shunday maqsadlar ko‘zlangan.

Urbanizatsiya va ijtimoiy rivojlanish milliy agentligi

Agentlikka urbanizatsiya va ijtimoiy rivojlanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun mas'ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi vakolatlarini berish rejalashtirilmoqda. Ushbu masalalarni hal etishda ilg‘or xorij tajribasini faol joriy etish rejalashtirilmoqda.

Agentlik quyidagilarni amalga oshirishi ko‘zlanmoqda:

• O‘zbekiston Respublikasi mintaqalaridagi hududlarning rivojlanishini rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlarni va aholi punktlari hududlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi hujjatlarni tasdiqlashi;

• kompleks qurilish uchun aholi punktlari hududlarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilishi hamda mazkur hududlardagi yer uchastkalarini Agentlikka ajratib berishlari, shuningdek Agentlikning kompleks qurilish hududi tarkibiga kirmaydigan qolgan yer uchastkalari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan keyinchalik xususiylashtirilishi uchun uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga yo‘llashi;

• kompleks qurilish yer uchastkalarini zarur muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan ta'minlashi;

• yer uchastkalarini sotishi, davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiya loyihalariga kiritishi, qurilish ishlarini amalga oshirishi.

2020–2025 yillar davrida kompleks qurilish davlat dasturlarining asosiy prognoz parametrlari Agentlik ishlab chiqadigan dastlabki hujjatlardan biri bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Ushbu hujjatda ilgari qabul qilingan Prezident va Hukumat qarorlariga muvofiq amalga oshirilayotgan turar joylarni qurish davlat dasturlarini ularni moliyalashtirish manbalari va tartibini saqlab qolgan, shuningdek bo‘shaydigan mablag‘larni uy-joy qurilishi davlat dasturlari doirasida tegishli uy-joylar qurilishiga yo‘naltirgan holda bosqichma-bosqich maqbullashtirish nazarda tutiladi. 

Quyidagi uy-joylar kompleks qurilish davlat dasturlariga kiritiladi:

• yuqori bo‘lmagan va o‘rtacha daromadga ega bo‘lgan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarga (shaxslarga) – imtiyozli narxlarda sotish (taqdim etish) uchun mo‘ljallangan, shu jumladan kam ta'minlangan oilalar ijara shartnomalari asosida arzon narxlarda vaqtincha yashashi uchun mo‘ljallangan uy-joylar, shuningdek aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlamlari (yetim bolalar, yolg‘iz keksa fuqarolar, harbiy burchi va xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar va h.k.) uchun mo‘ljallangan tekinga beriladigan uy-joylar;

• namunaviy loyiha asosida quriladigan va davlat subsidiyalarisiz ipoteka kreditlari bergan holda bozor narxlarida sotish uchun mo‘ljallangan;

• davlat-xususiy sheriklik shartlarida tadbirkorlik sub'yektlarining mablag‘larini jalb etgan holda maxsus ishlab chiqilgan loyihalar asosida quriladigan va aholiga bozor narxlarida sotiladigan.

Agentlik huzurida Milliy yer fondi, Hududlarni kompleks rivojlantirish fondi, Infratuzilma va ipotekani rivojlantirish fondini hamda Ipoteka va uy-joyni sug‘urtalash agentligini tashkil etish rejalashtirilmoqda, ular qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishda ko‘mak beradilar.

Milliy yer fondi

Fond aholi punktlari hududida joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirishda ko‘maklashadi. Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan kelib tushadigan mablag‘lar uning schyotlarida jamlanadi.

1.07.2019 yildan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslar – rezidentlarga yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqini berish rejalashtirilmoqda. 1.01.2021 yilgacha uchastkalar qiymati tegishli yildagi yer solig‘iga karrali miqdorda (loyihada yer solig‘ining aniq koeffitsiyenti ko‘rsatilmagan – tahr.), keyin esa – bozor qiymatida belgilanadi. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq xususiy mulkka aylanadi, shuningdek daxlsiz bo‘lib, davlat himoyasiga olinadi.  

Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqayotganda yer solig‘i stavkasini oshirish hamda xususiylashtirilgan va mulk qilib sotib olingan yer uchastkalari uchun mol-mulk solig‘ining rag‘batlantiruvchi stavkasini belgilashni nazarda tutish rejalashtirilmoqda.

Milliy yer fondi mablag‘lari urbanizatsiya va kompleks qurilishni tartibga solish sohasidagi yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni amalga oshirish, shuningdek Agentlik faoliyatini moddiy-texnik ta'minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish uchun sarflanadi.

Hududlarni kompleks rivojlantirish fondi

Fond kompleks qurilish doirasida uy-joylar, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma obektlarini quruvchilarga Agentlikning bo‘sh yer uchastkalarini ajratish va sotishda ko‘maklashadi. Yer uchastkalarini sotishdan kelib tushadigan mablag‘lar uning schyotlarida jamlanadi.

Ma'lumot uchun. Milliy yer fondi va Hududlarni kompleks rivojlantirish fondi mablag‘lari kompleks qurilish davlat dasturlari amalga oshirilishini, shu jumladan mamlakatimiz mintaqalaridagi hududlarning rivojlanishini rejalashtirish to‘g‘risidagi, aholi punktlari hududlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi, aholi punktlari hududlarini qurish to‘g‘risidagi hujjatlarni, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa obektlarni qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtiruvchi asosiy manba bo‘ladi.

Ushbu xarajatlar quyidagilar hisobiga ham qoplanadi:

• uy-joy qurilishi dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar va tashkilotlarning kredit liniyalari va grantlari;

• vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning o‘z xodimlari va ishchilari uchun turar joy zonalari qurilishida ulushli ishtiroki sifatida;

• O‘zbekiston Respublikasining Rivojlanish davlat dasturlari doirasida – aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish, ijtimoiy infratuzilma obektlarini qurishni moliyalashtirish uchun, shuningdek yetishmagan qismida – kompleks qurilish davlat dasturini amalga oshirish uchun ajratiladigan Davlat byudjyeti;

• qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Infratuzilma va ipotekani rivojlantirish fondi

Ushbu tashkilot kompleks qurilish hududida loyihalarni amalga oshirish guruhi ishlab chiqqan loyihalarning samaradorligini baholash bilan shug‘ullanadi. Fond kompleks qurilish hududida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish va strukturalashtirishga doir qarorlarni qabul qiladi. Qimmatli qog‘ozlarni, shu jumladan infratuzilma obligatsiyalarini emissiya qilish ham Fondning vazifasi hisoblanadi. 

Quyidagi maqsadda kompleks qurilish davlat dasturi doirasida Fond mablag‘lari hisobiga tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish taklif etilmoqda:

• qabul qilinayotgan qarorlarga muvofiq arzon namunali uylar qurilishiga ipoteka krediti ajratish;

• davlat-xususiy sheriklik shartlarida ko‘p xonadonli uy-joylarni quruvchi xususiy quruvchilarni imtiyozli kreditlash.

Ipoteka va uy-joyni sug‘urtalash agentligi

Agentlik ipoteka kreditlari bo‘yicha majburiyatlar ijro etilishini talab qilish huquqini banklardan sotib olish bilan shug‘ullanadi. U uy-joy qurilishi va ipoteka krediti, kompleks qurilish loyihalari bo‘yicha bitimlarni sug‘urtalash bilan ham shug‘ullanadi.

Hujjatlar loyihalari rad etilishi, ularga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Mavzuga oid