O‘zbekiston | 17:57 / 07.08.2018
34107
3 daqiqa o‘qiladi

Chet elga chiqish uchun alohida biometrik pasportning joriy etilishi rejalashtirilgan

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi. 

Hujjatga ko‘ra, xorijga chiqish chog‘ida fuqarolarga chet elga chiqish uchun biometrik pasport rasmiylashtiriladi. Xorijga chiqish uchun biometrik pasport chet elda bo‘lgan fuqarolarda ham bo‘lishi talab etiladi.

Chet elga chiqish uchun biometrik pasport O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini va uning egasi shaxsini xorijga chiqish va O‘zbekiston Respublika hududiga kirish chog‘ida tasdiqlovchi hujjat.

Chet elda doimiy yashaydigan va doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun chet elga chiqish uchun biometrik pasport egasining shaxsini O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan davrda tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Chet elga chiqish uchun biometrik pasport fuqarolarga quyidagi amal qilish muddati bilan beriladi:

Tug‘ilgan kunidan bir yilgacha - ikki yil muddatga;
Bir yoshdan 16 yoshgacha - 5 yillik muddatga;
16 yoshdan kattalarga - 10 yil muddatga.

Xorijga chiqish uchun biometrik pasportda quyidagi belgilar kiritiladi:

chet elda doimiy yashash uchun pasport egasining ko‘chirmasi;
chet elda doimiy yashovchi shaxsning vaqtinchalik propiskasi haqida;
davlat chegarasini kesib o‘tganligi haqida;
konsullik hisobiga qo‘yilgani yoki konsullik hisobidan olingani haqida;
nikoh qayd etilgani yoki bekor qilingani haqida;
xorijiy davlatlarga chiqish ruxsat haqida (viza);
hamrohlik qiluvchi shaxslar haqida;
avval qo‘yilgan belgilarning bekor qilingani haqida.

Chet elga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirishdan bosh tortish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

a) agar shaxs davlat yoki harbiy sirga aloqador ma'lumotlarni bilsa, yoki chet elga chiqishiga to‘sqinlik qiladigan shartnoma majburiyatiga ega bo‘lsa - ushbu majburiyatlarning bekor qilinishiga qadar;

b) shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa - ish bo‘yicha yakuniy sud qarori qabul qilinmaguncha;

v) agar shaxs ichki ishlar organlarining ma'muriy nazorati ostida bo‘lsa - nazorat tugagunga qadar;

g) shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish yoki shartli sudlanganlik bilan aloqador bo‘lmagan jazo tayinlangan bo‘lsa;

d) sud tomonidan qo‘yilgan, bajarilmagan majburiyatlarning bo‘lishi;

ye) o‘zi haqida atayin yolg‘on ma'lumot taqdim etgan bo‘lsa;

j) muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lsa;

z) xorijda bo‘lgan paytda o‘sha davlat qonunchiligini buzganiga doir tegishli organlar ma'lumoti bo‘lsa.

Mavzuga oid