O‘zbekiston | 17:36 / 13.08.2018
4238
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi ayrim KSZlar kengaytirilmoqda

Foto: Sputnik

Vazirlar Mahkamasining 8.08.2018 yildagi 634-son tegishli qarorida shu nazarda tutilgan, deb yozmoqda Norma
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 10.08.2017 yildagi PQ–3194-son qarori bilan Toshkent viloyatida faoliyat yuritmayotgan korxonalar va ishlab chiqarish maydonlari negizida 17 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. U yerda amalga oshiriladigan loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyalarini ochgan.   
 
Foydalanilmayotgan davlat mulki va davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari obektlarini kiritish hisobiga ayrim KSZlarni kengaytirish masalasi ko‘tarildi. Ularning sobiq egalarining soliq bo‘yicha qarzdorligi beriladigan aktivlarning qoldiq balans qiymati summasiga yoxud qarzdorlik mavjud bo‘lmasa, davlat ulushi yoki xo‘jalik boshqaruvi organlarining ulushi kamaytiriladi.
 
Angren shahar (kiritiladigan hududlar hajmi – 2 ga), Ohangaron tuman (10,98 ga), Bekobod shahar (7,87 ga), Quyichirchiq tuman (2,5 ga), Chirchiq shahar (38,7 ga) va Yangiyo‘l tuman KSZ (5,59 ga) tarkibiga qo‘shimcha hudud va obektlar kiritilishi haqida so‘z bormoqda. Shu tariqa, KSZ kengaytiriladigan umumiy maydon 67,64 gektarni tashkil etadi.
 
Kiritilgan hududlardagi davlat ko‘chmas mulki tadbirkorlarga nol darajali ijara stavkasida 10 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi. Basharti biznes-rejalar bajarilsa, ish o‘rinlari tashkil etilsa va saqlab qolinsa, barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lansa, kelgusida mulk huquqi ularga o‘tishi mumkin.
 
KSZ ishtirokchilariga yer uchastkalarini ajratib berish to‘g‘risidagi qarorlar Toshkent viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma'muriy kengashi (25.10.2017 yildagi PQ–3356-son qarorga muvofiq tashkil etilgan) tomonidan qabul qilinadi. Kichik sanoat zonalarini barpo etish va ularning faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomda sanoat zonalari ishtirokchilarini joylashtirish va ularga yer ajratish tartibi haqida batafsil so‘z yuritilgan.
 
2 oy muddatda import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi. Tadbirkorlik sub'yektlari bu haqda xabardor qilinadi va biznes-rejalar ishlab chiqishlarida ko‘mak beriladi.
 
Hujjat 10.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid