O‘zbekiston | 19:20 / 13.09.2018
11859
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev va Lukashenko Belarus mahsulotlari ko‘rgazmasini ochib berishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko «O‘zekspomarkaz»da Belarus Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ochib berishdi. 

Ko‘rgazmada 150dan ortiq korxona o‘z mahsulot va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Ular Belarusning qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, metallurgiya, kimyo sanoati, maishiy texnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, tibbiyot, ta'lim va boshqa sohalardagi yutuqlarini namoyish etmoqda. 

Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidentiga mazkur sohalardagi imkoniyatlar, korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida so‘zlab berdi. 

Shavkat Mirziyoyev belaruslik ishbilarmonlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga savdo aloqalarini kengaytirish, sanoat korxonalari va hududlar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Davlat rahbarlari yuqori texnologiyalar sohasida, jumladan, ikki mamlakatning innovatsion markazlari va texnoparklari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xaridorgir tovarlarni birgalikda ishlab chiqarish muhimligini ta'kidladi.

«Pavilonlardan birida mamlakatimiz meva-sabzavotlari va qayta ishlangan oziq-ovqat tovarlari namoyish qilindi. Ularning tabiiyligi, mazali va sifatliligi belaruslik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi, ishbilarmonlarda hamkorlik istagini uyg‘otdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

 

Mavzuga oid