Ravnaq topish uchun yoshlarni tarbiyalash kerak
Donolarning shunday hikmati bor, agar mamlakat 1 yil rivojlanaman desa — bug‘doy eksin, agar mamlakat 10 yil rivojlanaman desa — daraxt eksin, agar mamlakat 100 yil ravnaq topaman desa — o‘z yoshlarini o‘stirsin.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi dastlabki faoliyatini aynan yoshlar masalasiga kengroq e'tibor qaratishi, ularga barcha imkoniyatlarni yaratish uchun muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan boshladi. So‘zimiz isboti sifatida esa 2016 yil 14 sentabr kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun qayta ishlab chiqilib, takomillashtirilgan holda qabul qilinganligini e'tirof etishimiz mumkin.
Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Xususan, o‘tgan bir yil davomida yoshlar masalasiga doir jami 40ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston yoshlarning huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan 30dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatni ratifikatsiya qilgan.
Davlatimiz tarixida ilk bora 30 iyun – “Yoshlar kuni” sifatida nishonlana boshlandi. Shu ma'noda, Yurtboshimiz tashabbusi bilan 30 iyun – “Yoshlar kuni” etib belgilangani yoshlar uchun o‘ziga xos quvonchli bayram bo‘lish bilan birga, ularni yangi, yuksak marralarga chorlovchi, jonajon vatanimizga sadoqatini yanada kuchaytiruvchi beqiyos rag‘bat hamdir.
“O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida ma'qullangani mamlakatimizda yoshlar siyosati oqilona olib borilayotganining huquqiy ifodasi bo‘ldi.
Aytish joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati doirasida, so‘nggi ikki yil mobaynida misli ko‘rilmagan ijobiy ishlar amalga oshirildi va bu ishlar hozirda ham izchil davom ettirilmoqda.
Shu o‘rinda aynan yoshlar hayotiga daxldor ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, orzu va istaklarini ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashadigan, intilishlari va maqsadlariga erishish yo‘lida imkoniyatlar maydoni yarata olgan ayrim islohotlarni sanab o‘tsak. Jumladan:
Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida 2017 yil 30 iyun kuni “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” tashkil etildi.
Vatan kelajagini bunyod etishga bel bog‘lagan, yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga nisbatan daxldorlik hissini tuygan, jamiyatimizning turli sohalarida o‘z mehnati bilan samarali xizmat qilib kelayotgan, fidoiy yoshlarimizni rag‘batlantirish maqsadida "Kelajak bunyodkori" medali ta'sis etildi. Bu yil mustaqilligimizning 27 yilligi munosabati bilan mazkur medalning ilk sohiblari – 14 nafar yoshlarimiz ushbu mukofotga sazovor bo‘ldilar.
Yigitlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirish, ularda mardlik, jasorat, sadoqat kabi fazilatlarni shakllantirish, o‘z xalqining mard o‘g‘loni bo‘lgan yigitlarni munosib taqdirlash maqsadida “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti ta'sis etildi va joriy yilda “Yoshlar kuni” bayrami arafasida 28 nafar yigitlarga ushbu mukofot tantanali ravishda topshirildi.
Yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyati, kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yuksak intellektual salohiyatli, kitobga oshno, bilimli avlodni voyaga yetkazish maqsadida, Prezidentimiz tashabbusi bilan "Yosh kitobxon" ko‘rik-tanlovi tashkil etildi va respublikamiz bo‘ylab, eng ommalashgan tanlovga aylandi. 2 yosh toifasida ikki nafar g‘olib kitobxonga Prezident sovg‘asi – "Spark" avtomashinasi sovg‘a qilindi. Bu yil mazkur ko‘rik-tanlovning qamrovi yanada kengayib, 3 nafar zukko kitobxon oliy sovrin egasiga aylanishadi.
Mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan davlat siyosati tarixida ilk bora, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi.
Hech bir davrda kuzatilmagan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni himoya qilish organlarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, harbiylar va tizimdagi ishchi-xizmatchilarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga a'zo bo‘lish mexanizmining huquqiy asosi yaratildi.
Shu vatanning ertangi kuni hisoblanmish yoshlar siyosati doirasida xalqaro aloqalar yo‘nalishidagi ishlar ham tizimli yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tashkil etilib, xorijda ishlab yurgan yoki tahsil olayotgan yoshlarimizni ijtimoiy himoyalashga ham alohida e'tibor qaratildi. Shu kunga qadar, o‘zbekistonlik yoshlardan iborat delegatsiyalarning Xitoy, Germaniya, Rossiya, Hindiston, Turkiya kabi 10 dan ortiq davlatlarga tajriba almashish hamda xorijiy davlatlarda yoshlarga doir dasturlarni amalda o‘rganish maqsadida safarlar uyushtirildi. Bir necha bora yoshlar o‘rtasida xalqaro forumlar, festival va konferensiyalar tashkil etildi.
Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘armaning hududiy filiallari ham shakllantirilib, hozirda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta'lim sohasida 11 yillik ta'lim tizimi joriy etildi.
Biz yashab turgan davr – axborot asri ekanligi va O‘zbekistonning xalqaro miqyosda o‘zining munosib o‘rni borligi inobatga olinib, yurtimizda malakali jurnalistlarni yetishtirib chiqarish, jahon tajribasini o‘rgangan holda xalqaro maydonda o‘z so‘zini ayta oladigan muxbir kadrlarni tayyorlash maqsadida, “Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universiteti” tashkil etildi.
Toshkent shahrida AQShning "Vebster" universitetining filiali ochildi.
Yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishlari inobatga olinib, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish tizimi qayta ko‘rib chiqildi va takomillashtirildi. O‘qishga qabul qilish kvotalari yanada kengaytirildi.
Harbiy akademik litseylariga "Temurbeklar maktabi" nomi berildi va mazkur maktablarning faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi.
Albatta bunday misollarni va raqamlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Lekin eng muhimi, bizda ota-boblarimizdan qolgan meros —farzand tarbiyasiga katta e'tibor qaratish, kasb-korli, hunarli qilish, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish kabi eng muhim masalalar aynan davlat siyosati darajasida ko‘tarilgani bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir ishda namoyon bo‘lib kelmoqda.
Bu ishlar esa yuqorida keltirib o‘tilgan hikmat ya'ni, mustaqil O‘zbekistonimizning yuz yil va undan-da ko‘proq ravnaq topishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishiga shubha yo‘q.
Mavzuga oid
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
18:19 / 07.12.2024
Yoshlarga Work & Travel dasturlari xarajatlari uchun ssuda ajratiladi
10:11 / 28.11.2024
O‘zbekiston aholisi har yili 700 mingdan ortiq kishiga oshmoqda
16:33 / 25.11.2024