Jahon | 22:18 / 14.09.2018
8201
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp shtabining sobiq rahbari aybiga iqror bo‘lishga rozilik berdi

Foto: Jonathan Ernst / Reuters

Prezident Donald Trampning saylovoldi shtabiga rahbarlik qilgan Pol Manafort maxsus prokuror Robert Myuller tomonidan unga nisbatan e'lon qilingan AQShga qarshi fitna va odil sudlovga to‘sqinlik qilish haqidagi ayblovlarga iqror bo‘lishga roziligini bildirdi, deb xabar berdi Bloomberg sud hujjatlariga asoslanib.

Reuters’ning qayd etishicha, sud hukmiga kelib tushgan hujjatlarda jinoyatning ikki epizodi haqida so‘z boradi, avval ularning soni yettita edi.
Bu Manafort ustidan ikkinchi sud jarayoni bo‘lib, Vashingtonda bo‘lib o‘tmoqda. Avgustda Virjiniya sudi uni soliqqa oid va moliyaviy firibgarliklarda ayblagandi.  

Vashingtondagi jarayon doirasida Manafort Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning imijini yaxshilash bo‘yicha ish olib borgan vaqtida xorijiy agentlar haqidagi qonunni buzganlikda ayblanmoqda.  

17 sentabr kuni sud uchun hakamlar tanlash jarayoni boshlanadi. Bloomberg’ning bildirishicha, Manafortning 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi haqidagi ma'lumotlarni aniqlashda Myuller bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan-bo‘lmaganligi noma'lum. Ammo uning aybiga iqror bo‘lishga rozilik bildirgani «millionlab dollar» jarimadan qutulib qolishiga yordam beradi, deb yozadi agentlik. 

Reuters esa Manafortning aybini tan olishi 22 avgust kuni sobiq shtab rahbarini Twitter’da maqtagan Trampning obro‘siga putur yetkazishi mumkinligini yozmoqda. 

«Pol Manafort va uning oilasiga judayam achinaman. «Odil sudlov» 12 yil ilgarigi soliq ishiga osildi, unga ulkan bosim o‘tkazdi. Ammo Maykl Koendan farqli o‘laroq, u egilmadi – tergov bilan kelishish uchun uydirmalar o‘ylab topmadi. U hurmatga loyiq jasur inson!» — deb yozgandi prezident o‘shanda.

Maykl Koen prezidentning sobiq advokati bo‘lib, tergov bilan kelishishga rozi bo‘lgan va sudda Trampning topshirig‘i bilan moliyaviy jinoyatlar sodir etganligini bildirgan.

Mavzuga oid