Jamiyat | 19:46 / 26.10.2018
13289
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz’ga kelib tushgan murojaat Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligida hal bo‘ldi

Kun.uz tahririyati fuqarolardan kelgan murojaatlarni jamoatchilik e'tiboriga havola qilish, imkon darajasida ularga ijobiy yechim topish borasida sa'y-harakat ko‘rsatib keladi. Shunday murojaatlar orasida bir necha 10 yillardan beri yechim topmayotgan muammo e'tiborimizni tortdi. 

Murojaatda Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Mashinasozlar ko‘chasi, 6-uy manzilida joylashgan, Qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi balansida bo‘lgan yotoqxonaga bir necha yillardan beri xususiy uy joy maqomi berilmayotgani, unda istiqomat qilib kelayotganlar og‘ir sharoitlarda yashashlariga to‘g‘ri kelayotgani, isitish tizimi, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti, yotoqxonani ta'mirlash ishlari ega bo‘lmagani tufayli umuman talabga javob bermayotgani qayd etilgan edi. 

Tahririyat tasvirga olish guruhi murojaat manziliga borib muammoni har tomonlama o‘rgandi. Yotoqxonada, og‘ir sharoitlarda yashab kelayotgan fuqarolar bilan uchrashib, dardlari tinglandi. Masala yuzasidan Yunusobod tumani hokimligi, shahar prokuraturasiga murojaat qilindi. Toshkent shahar prokuraturasining tegishli ko‘rsatmasi bilan mazkur muammo o‘rganish vazifasi Yunusobod tuman prokuraturasiga berildi. Aholi bilan yuzma yuz muloqot qilinib, masala chuqur o‘rganildi va tegishli choralar ko‘rildi. 

Natijada tuman xokimligining Davlat qabul hay'ati tashkil etilib, uning 2018 yil 20 avgustdagi dalolatnomasiga asosan Qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi balansida bo‘lgan yotoqxonaga uy-joy maqomini bersa bo‘ladi, degan xulosaga kelindi.

Yunusobod tuman hokimligi 2018 yil 12 oktabr kuni o‘zining 1660-sonli qarori bilan  Qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazining 2018 yil 25 avgustdagi tuman hokimligiga yo‘llagan 05/04-04-1021 sonli xati hamda Davlat qabul hay'atining dalolatnomasini inobatga olgan holda, O‘zR Uy-joy kodeksiga asosan, Yunusobod tumani, Mashinasozlar ko‘chasi, 6-uy manzilida joylashgan yotoqxona tuman hokimiyati balansiga o‘tkazdi. Shu bilan u  Davlat turar-joy fondiga kiritilgan. 

Endilikda, mazkur uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar, o‘zlari yashab turgan xonadonlarni belgilangan tartibda xususiylashtirishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, binoni ta'mirlash, kommunal xizmatlarni yaxshilash kabi masalalarga barham berish imkoni paydo bo‘lgan. 

Mavzuga oid