Sport | 16:17 / 02.01.2019
7976
3 daqiqa o‘qiladi

Rasman: «Chelsi» Pulishichni 64 mln yevroga xarid qildi

Foto: Getty Images

«Borussiya D» yarimhimoyachisi Kristian Pulishich yozda «Chelsi» safiga borib qo‘shiladi. Ushbu ma'lumotni har ikkala klub ham rasman tasdiqladi.

Ma'lum qilinishicha, klublarning o‘zaro kelishuviga asosan 20 yoshli xavbek mavsum oxiriga qadar «Borussiya»da ijara asosida to‘p suradigan bo‘ldi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, londonliklar Pulishich uchun 64 mln yevro to‘laydigan bo‘lgan, o‘z navbatida nemislar uni bepul asosda yarim yilga ijaraga olishgan.

«Kristian doimo APLda to‘p surishni orzu qilardi. Bu uning amerikalik ekani bilan ham bog‘liq. Natijada biz u bilan shartnomani uzaytira olmadik», – deb aytgan «Borussiya» sport direktori Mixael Tsork.

Pulishichning «sariqlar» bilan bitimi 2020 yil yozida nihoyasiga yetishi kerak edi.

AQSh terma jamoasi a'zosi hisoblanuvchi Kristian «Borussiya D» akademiyasiga 2015 yilda qabul qilingan. U klubning o‘smirlar va yoshlar jamoasida to‘p surib, 2016 yilda Bundesligada debyut qilgan; asosiy jamoada yuzdan ortiq o‘yinlarda maydonga tushgan. 2016/17 yillar mavsumidan e'tiboran Pulishich dortmundliklarning asosiy tarkib a'zosi bo‘lib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «ko‘klar» bosh murabbiyi Mauritsio Sarri jamoaga vinger kerakligi haqida gapirgan edi. Pulishich ayni shu pozitsiyada to‘p suradi: u ham o‘ng, ham chap qanot vingeri yoxud hujumchi ortidagi futbolchi sifatida o‘ynay oladi.

«Batshuayi va Abrahamning qaytishi varianti? Yo‘q, chunki qo‘l ostimdagilardan Azar ham markaziy hujumchi rolini bajarishi mumkin. Bu pozitsiyada o‘ynay oladigan Morata va Azar bor, buni oxirgi 2-3ta o‘yinda kuzatdik. Shunday ekan, hozir menga yana bir hujumchining keragi yo‘q. Ehtimol, vinger kerakdir, chunki Pedro, Hadson-Odoi va Loftus-Chikda jarohat bor. Hozir vinger pozitsiyasida tanlovim qolmagan», – degan Sarrining so‘zlarini keltirgandi The Telegraph.

Mavzuga oid