O‘zbekiston | 11:22 / 15.01.2019
17071
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rahbar tayinlandi

Foto: Adliya vazirligi

O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan Nodir Savriddinovich Jo‘rayev Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlandi.

Nodir Jo‘rayev shu kungacha Adliya vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Nodir Jo‘rayev 1981 yilda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2001 yil Toshkent davlat yuridik institutini (bakalavr), 2006 yil shu institutda magistr darajasini olgan.

Mehnat faoliyatini 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Idoraviy me'yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasining katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmaning bosh maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2003–2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i, 2006–2007 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazining yetakchi maslahatchisi, bosh maslahatchisi, bo‘lim boshlig‘i, 2007–2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasining boshlig‘i, 2008-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasining boshlig‘i, 2014-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta'minlash bo‘yicha tadqiqot markazining direktori, 2016-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 

2017 yilning 19 aprelidan buyon Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, Zafar Zohidov agentlik direktoriga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi prezident farmoniga muvofiq, Davlat raqobat qo‘mitasi bazasida tashkil etildi.

Qarorga muvofiq, Davlat raqobat qo‘mitasi hamda «Davlat aktivlarini boshqarish markazi» DUKning barcha huquqlari va majburiyatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi.

Agentlik o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda olib boradi hamda o‘z faoliyatida bevosita Bosh vazir va Prezidentga bo‘ysunadi va hisobot beradi.

Agentlik direktori, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari Bosh vazir taqdimnomasiga asosan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

2019 yil 1 apreldan xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi tarkibi va ijroiya organi a'zolarini normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlash bekor qilinadi.

Xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashi tarkibi davlat organlari bilan kelishilmasdan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi.