Tafsilot: «Kommersant'» jurnalistlari nima uchun ishdan ketishdi? Alisher Usmonovning bunga aloqasi bormi?
20 may kuni «Kommersant'» gazetasi siyosat bo‘limi xodimlari — maxsus muxbir Ivan Safronov va bo‘lim mudiri o‘rinbosari Maksim Ivanov ishdan bo‘shatilgani ma'lum bo‘ldi.
Jurnalistlarning bildirishlaricha, ularning ishdan bo‘shatilishlariga Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning lavozimidan ketishi mumkinligi haqidagi maqolalari va mazkur maqolaga e'tiroz bildirgan «aksionerning qarori» sabab bo‘lgan.
Ularning ortidan gazeta bosh muharriri o‘rinbosari Gleb Cherkasov va qator jurnalistlar norozilik sifatida ishdan ketishlari haqida ariza yozishgan.
«Vedomosti» nashri jurnalistlarning ishdan bo‘shatilishi haqidagi qarorni «Kommersant'» nashriyot uyi aksiyadori Alisher Usmonov qabul qilgani haqida xabar tarqatdi. Alisher Usmonovning vakili tadbirkor «Kommersant'» muxbirlarining ishdan bo‘shatilishiga aloqasi yo‘qligi haqida ma'lum qildi.
«Kommersant'» rahbarlarining fikri
«Kommersant'» bosh muharriri Vladimir Jyelonkin ushbu maqola chop etilishida «nashriyot uyining tahririyat standartlari» buzilganini bildirdi.
Jyelonkin boshqa jurnalistlarning ishdan bo‘shash xohishlarini «soxta birdamlik va nashriyot uyi rahbariyatiga bosim o‘tkazish maqsadi» bilan izohladi.
Nashriyot uyi aksiyadori Alisher Usmonov gazeta xodimlarining ishdan bo‘shatilishi borasida qaror qabul qilmagan deb ma'lum qildi tadbirkorning vakili.
«Aksiyador tahririyat siyosatiga aralashmaydi va uning ustiga jurnalistlarni ishdan bo‘shatish yoki qabul qilish bo‘yicha qaror qabul qilmaydi. Alisher Burxonovich “Kommersant'” xodimlarining ishdan bo‘shatilganini matbuotdagi xabarlardan bildi», — deb aytdi Usmonov vakili.
USM Group rahbari Ivan Streshinskiy ishdan bo‘shatishlarni maqolaning «buyurtma» tusda ekanligi va jurnalistlar buning aksini isbotlay olishmaganligi bilan izohladi. Jyelonkin jurnalistlarga ishdan bo‘shashni taklif qilgan va tomonlar kelishuviga asosan ularni kompensatsiya to‘langan holda bo‘shatishga kelishib olishgan.
«Kommersant'» jurnalistlarining reaksiyasi
Dushanba kuni kechga yaqin nashriyot uyi xodimlari «Kommersant'» o‘quvchilariga ochiq murojaat bilan chiqishdi. Murojaatni 200dan ortiq xodim imzoladi.
«Zamonaviy Rossiya siyosati voqeligida tez-tez uchraganidek, maqolada anonim manbalarning ma'lumotlari va so‘zlaridan foydalanilgandi, — deb yozdi jurnalistlar. — Maqola har doim ishonchli va tekshirilgan manbalarga tayaniladigan «'» standartiga to‘liq javob beradi». Ammo jurnalistlar ta'kidlaganidek, keyinroq aksioner maqoladan «noroziligini» bildirdi va manbalarning shaxsini ochiqlashni talab qildi, tahririyat OAV to‘g‘risidagi qonunga asoslanib bu talabni bajarmadi.
Rossiyaning «OAV to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, tahririyat axborot manbasi haqida sir saqlashi shart va sud talab qilgan hollardan boshqa holatlarda ma'lumot bergan shaxsning ismini oshkor qilishga haqqi yo‘q.
Jamoat tashkilotlarining reaksiyasi
Rossiya jurnalistlar ittifoqi «Kommersant'» gazetasi xodimlarining ishdan bo‘shatilishi yuzasidan tashvishda ekanligini va jurnalistlarga yuridik yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Rossiya prezidenti huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha kengash «Kommersant'» nashriyot uyi egalaridan «qonunni yodda tutish»ni va nashrning tahririyat siyosatiga aralashmaslikni talab qildi.
Mavzuga oid
23:23 / 04.12.2024
Alisher Usmonov FIE prezidentligiga saylanganidan biroz vaqt o‘tib, lavozimini ixtiyoriy ravishda topshirdi
17:14 / 30.11.2024
Kipr Alisher Usmonovning singlisini “oltin pasport”dan mahrum qildi
16:36 / 30.11.2024
Alisher Usmonov FIE rahbarligiga qaytdi
17:38 / 04.11.2024