Jahon | 03:54 / 25.05.2019
15249
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronni BAA sohillari yaqinida tankerlarga uyushtirilgan hujumda ayblamoqda

AQSh Qurolli kuchlarining birlashgan shtabi rahbari, kontr-admiral Maykl Glidey Amerika Eronning Islom inqilobi soqchilari korpusi (IISK) ni Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra bandargohida neft tankerlariga uyushtirilgan hujumda aybdor deb bilishini e'lon qilgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Foto: Fujayra yaqinida hujumga duchor bo‘lgan Saudiyaning Al-Marzuqa neft tankeri

«Biz Fujayrada yuz bergan kemalarga hujumni IISKga to‘nkaymiz», — deya ta'kidlagan Glidey.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon portlatish uchun ishlatilgan magnitli minalar IISKga tegishli ekanini aniqlagan. Bu holda Glidey portlovchi qurilmalarni Erondan BAAga keltirilishi uslubini ta'riflashdan o‘zini tiygan.

Eron bilan munosabatlarda keskinlik yuzaga kelayotgan bir paytda AQSh Yaqin Sharqqa yana 1,5 ming harbiy jo‘natilishi oydinlashgach, Glidey ana shunday bayonot bilan chiqish qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 12 may kuni turli davlatlarga taalluqli to‘rt savdo kemasi Birlashgan Arab Amirliklarining sharqida joylashgan Fujayra bandargohi hududida hujumga duchor bo‘lgan. Diversiya obektlari bo‘lgan to‘rt kemadan ikkitasi Saudiya Arabistonining neft tankerlaridir.

Bundan avval ommaviy axborot vositalari AQSh milliy xavfsizlik agentligiga tayanib, BAAda tijorat kemalariga hujum qilishda Eronga ishlovchi yoki unga taassub qiluvchi kuchlar turgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilishgan edi.

Mavzuga oid