Jahon | 17:35 / 25.06.2019
8911
2 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda mamlakat sobiq prezidenti Robert Kocharyan hibsga olindi

Foto: Sputnik / Aram Nersesyan

Armaniston apellyatsiya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyanni yana hibsga olishga hukm chiqardi, deb xabar berdi RIA Novosti.

"Apellyatsiya sudi Kocharyanga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi birinchi instansiya sudi qarorini bekor qildi va unga nisbatan hibsga olish chorasini qo‘llashga qaror qildi", - dedi sudya Armen Daniyelyan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kocharyanni ozodlikka chiqarish uchun berilgan garov puli qaytariladi.

Armanistonda 2018 yil 19 fevraldagi prezident saylovlaridan keyin bir qator noroziliklar o‘tib, ularning ishtirokchilari Serj Sargsyan yutgan saylovlarning rasmiy natijalaridan norozilik bildirishgan. Noroziliklar respublikaning birinchi prezidenti, o‘shanda prezident lavozimiga da'vogarlik qilgan Levon Ter-Petrosyan tomonidan tashkillashtirilgan. Namoyishchilarning huquq-tartibot idoralari bilan to‘qnashuvlari davomida 8 namoyishchi va 2 politsiyachi halok bo‘lgan, politsiyaning 33 xodimi shifoxonaga yotqizilgan. O‘shanda shifokorlarga umumiy hisobda 230 ga yaqin odam murojaat qilgan.

2018 yil 8 mayda Armanistonda hokimiyat o‘zgargach, o‘sha voqealar tergovi qayta boshlangan. Bu ish doirasida Kocharyan hibsga olingan. Bir oy o‘tgach, u qamoqdan ozod etilgan, chunki apellyatsiya sudi Kocharyanning sobiq davlat rahbari sifatida immunitetiga ega ekanligini ko‘rsatgan. Biroq 2018 yilning dekabrida u yana qo‘lga olingan. Aprel oyi oxirida Armaniston Bosh prokuraturasi Kocharyan ishi bo‘yicha ayblov xulosasini tasdiqlagan; 13 may kuni ish sud tomonidan ko‘rib chiqila boshlangandi.

U may oyi o‘rtalarida Tog‘li-Qorabog‘ respublikasining amaldagi rahbari Baqo Saakyan va sobiq rahbari Arkadiy Gukasyanning garovi sabab ozod qilingandi. Ular Armanistonning sobiq prezidenti ozodlikka chiqishi uchun bir million dram (ikki ming dollardan ko‘proq) garov puli bergandi.

Mavzuga oid