O‘zbekiston | 17:00 / 27.06.2019
60611
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi Gulnora Karimova tomonidan davlatga 1,2 mlrd dollar o‘tkazilganini tasdiqlamadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Karimova tomonidan davlat foydasiga 1,2 mlrd. AQSh dollari o‘tkazildi, degan xabar tarqaldi.

Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, davlat budjetiga undirilgan mablag‘larning fuqarolar kesimidagi hisobi vazirlik tomonidan yuritilmaydi. 

«Bunda o‘tgan yili va joriy yilning birinchi yarmida ko‘rsatilgan miqdorda mablag‘lar budjetga kelib tushmadi.

Xususan, o‘tgan yili davomida davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulk (valuta mablag‘lari va zargarlik buyumlarini qo‘shgan holda) sotishdan tushumlar 163 mlrd. so‘mni yoki 20,2 mln. AQSh dollarini (o‘rtacha yillik kurs bo‘yicha) tashkil qildi», — deyiladi rasmiy axborotda.  

Ta'kidlanishicha, joriy yil birinchi yarmida esa davlat ixtiyoriga o‘tkazilgan mol-mulkni sotishdan 99,4 mlrd. so‘m yoki 11,8 mln. AQSh dollari (o‘rtacha kurs bo‘yicha) kelib tushgan.

23 iyun kuni Gulnora Karimovaning qizi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning nevarasi Imon Karimova o‘zining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida onasi tomonidan yo‘llangan murojaatni e'lon qilgach, bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda yana kun tartibiga chiqdi.

«Prokuratura shu paytgacha davlat tomonidan ekspropriatsiya (mol-mulklarning majburiy tarzda davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi —tahr.) qilingan vositalarning miqdorini aniq sanay olmasligini bildirayotgan bo‘lsa-da, men protokol uchun e'lon qilishim kerakki, shu paytgacha O‘zbekiston hududidagi faqatgina menga tegishli bo‘lgan, 1,2 milliard dollar miqdoridagi aktivlar mening egaligimdan chiqib, ayni paytda respublika budjeti uchun ishlayotgani bir necha mahalliy surishtiruvlar bilan tasdiqlangan», — deyilgandi Gulnora Karimovaning murojaatida.

Mavzuga oid