Jamiyat | 18:39 / 29.06.2019
25830
3 daqiqa o‘qiladi

«Colgate» vs «Galaxy». MChJ Davlat raqobat qo‘mitasini sudga berdi

Joriy yilning may oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi vakillari «Torimed Pharm» (Galaxy) MChJga nisbatan «Colgate-Palmolive» (Colgate) kompaniyasining tovar belgisi bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi. Masala tegishli komissiya tomonidan o‘rganib chiqildi va qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, «Torimed Pharm» (Galaxy) MChJ «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisi talablarini buzgan deb topildi. Ya'ni tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste'mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste'molchilarni chalg‘itish, xo‘jalik yurituvchi sub'yekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg‘alanishini, etiketkasini, o‘rovini, ranglar uyg‘unligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xo‘jalik yurituvchi sub'yektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish qismi bo‘yicha insofsiz raqobatchi deb topildi.

Shuningdek, jamiyatga qonunbuzilish holatini bartaraf etish, kelgusida shu kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik yuklatildi. Qarordan norozi bo‘lsa, tegishli tartibda sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi. 

«Torimed Pharm» (Galaxy) MChJ mazkur qarorga norozilik bildirib sudga murojaat qildi.

Hozirda ish Toshkent shahar Yunusobod tuman ma'muriy sudida ko‘rilmoqda. «Torimed Pharm» (Galaxy) MChJ suddan komissiya a'zolarining xatti-harakatlarini (harakatsizligi) qonunga xilof, maxsus komissiyaning tegishli ajrim va qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. 

Hozirda sudda Galaxy tovar belgisi Colgate tovar belgisiga rostdan ham o‘xshashmi yoki yo‘q, «Torimed Pharm» (Galaxy) MChJ chindan ham insofsiz raqobatchimi – shu kabi savollar muhokama qilinmoqda. Taraflar o‘z vajlarini keltirib o‘tmoqda. Sud ishni ko‘rishni keyingi haftaga qoldirdi.

Mavzuga oid