Jamiyat | 19:31 / 12.11.2019
5493
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Hugo Boss kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 7 noyabr kuni Germaniyaning Hugo Boss kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Konstantin Soyer hamda Semih Demir viloyat hokimi bilan bo‘lgan uchrashuvda Namangan shahridagi tekstil korxonasi bilan hamkorlikda ushbu brend mahsulotlarini Namanganda tayyorlash bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qildi. Bu haqda Namangan shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Xayrullo Bozorov birgina Namangan shahrining o‘zidan 1,5 mingdan ortiq tikuvchilik korxonasi faoliyat olib borayotgani, paxtachilik bugungi kunda 85 foiz klasterlarga o‘tkazilgani, kelgusi yildan bu ko‘rsatkich 100 foizga yetishinini ta'kidladi. Hozirgi kunga qadar asosiy eksport MDH mamlakatlari bozoriga yo‘naltirilganini aytib o‘tgan viloyat hokimi so‘nggi yillarda yangi bozorlar ham kashf etilayotganini, «Chust tekstil» korxonasi Portugaliya va AQShga, «Iftixor kiyim sanoat» esa Germaniya bozoriga kirib borganini ma'lum qildi.

Kompaniya vakillari bugungi kunda Namangandagi «Lyuks plyus servis» MChJ bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, biroq bo‘lajak ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha yer maydoni masalasida ko‘mak kerakligini bildirdi. Viloyat hokimi bu masala albatta yechim topishini ta'kidladi.

Uchrashuvda Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov, «Lyuks plyus servis» MChJ direktor maslahatchisi Ne'matjon Fathiddinov ishtirok etdi.

Mavzuga oid