O‘zbekiston | 14:41 / 02.03.2020
3791
2 daqiqa o‘qiladi

Probatsiya xizmati orqali 7839 nafar nazoratdagi shaxslar ish bilan ta'minlangan

Nazoratdagi shaxslardan 3794 nafari muayyan kasbga o‘qitilgan va 7839 nafari ish bilan ta'minlangan 

Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Probatsiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari 2019 yil 1 yanvardan o‘z faoliyatini boshlagan edi. Bugun, 2 mart kuni xizmatning o‘tgan vaqt ichidagi natijalari va bo‘lajak rejalari bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi.

“Probatsiya xizmatining bir yillik natijasiga ko‘ra, qat'iy tuzalish yo‘liga kirgan, qonunlarga itoatkorligi va mehnatga ijobiy munosabatda bo‘lgan 25 400 nafardan ortiq (89 foiz) nazoratdagi shaxslar jazoni o‘tash muddatidan oldin ozod etildi. 

Tuzalish yo‘liga kirmagan, jazodan bo‘yin tovlab yurgan 4127 nafar shaxslarning jazolari jazoning boshqa qiyinroq turiga almashtirilgan. Bundan tashqari, nazoratdagi shaxslardan 3794 nafari muayyan kasbga o‘qitilgan va 7839 nafari ish bilan ta'minlangan”, - deydi Probatsiya xizmati boshlig‘i, polkovnik Mahamadali Ismoilov.

Probatsiya xizmati xalqaro amaliyotda sud organlari tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning ijro etilishini ta'minlash va nazoratini olib borish bilan shug‘ullanadi. 

Bu xizmat quyidagilar asosida amalga oshiriladi:

shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashda muddatidan oldin shartki ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta'sirchan nazoratni amalga oshirish; 

nazorat ostidagilar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va bandligini ta'minlashga, shu jumladan ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko‘maklashish; 

nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik holatini o‘rgangan holda amaliy yordam berish. 

Mavzuga oid