Jahon | 15:33 / 12.03.2020
5882
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya hukumati sayyohlik mavsumini keyinroqqa ko‘chirishni tavsiya qildi

Turkiyada koronavirus bilan bog‘liq birinchi holat qayd etilganidan so‘ng uch vazirlik rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Foto: REUTERS / Murad Sezer

Turkiya hukumati koronavirus tarqalishi sababli turoperatorlar va mehmonxonalarga sayyohlik mavsumi boshlanishini bir oy ortga surishni tavsiya qildi. Bu haqda matbuot anjumanida madaniyat va turizm, savdo hamda sog‘liqni saqlash vazirlari ma'lum qildi, deb xabar berdi Anadolu gazetasi.

Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Erso‘y turoperatorlar va mehmonxonalarga sayyohlik mavsumini 15 apreldan keyin boshlashni maslahat berdi.

«Yevropadagi epidemiya bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olsak, xatar jiddiy», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Faxrittin Ko‘ja.

Uch vazirlik rahbarlari ishtirokidagi matbuot anjumani Turkiyada koronavirus bilan bog‘liq birinchi holat qayd etilganidan so‘ng o‘tkazildi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirining aytishicha, Turkiya fuqarosi Yevropada bo‘lgan vaqtida koronavirusga chalingan.
«Bemorning umumiy ahvoli yaxshi. Uning oila a'zolari va u bilan muloqotda bo‘lganlar kuzatuv ostida», — dedi u.

Kecha, 11 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yangi koronavirusni pandemiya deb e'lon qildi. 114 mamlakatdagi 126 mingdan ortiq kishi kasallikka chalindi. Vafot etganlar soni 4,6 ming kishidan oshdi. Shu bilan birga, 68 mingdan ortiq bemor kasallikdan to‘liq davolandi.

Mavzuga oid