O‘zbekiston | 18:14 / 19.03.2020
13441
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyati hokimi bozordagi narxlar bilan tanishdi

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov Urganch markaziy dehqon bozoriga tashrif buyurib, oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari bilan tanishdi. Bu haqda Xorazm viloyati matbuot xizmati xabar berdi.

19 mart kuni viloyat rahbari sektor rahbarlari, shahar va tuman hokimlari bilan birgalikda bozor hududida tashkil qilingan arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo yarmarkasiga bordi. Unda viloyatning barcha tumanlari uchun alohida rastalar ajratilgan bo‘lib, qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar, dehqonlar turli xil oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan aholiga xizmat ko‘rsatmoqdalar.

Yarmarka ishtirokchilariga koronavirusga qarshi karantin davrida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini asossiz oshirmaslik haqida tushuntirish berildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi narxlarni nazorat qilish bo‘yicha maxsus tadbirlarni muntazam olib borishi haqida ogohlantirildi.

Yarmarkada Departamentning viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan aholiga bepul isiriq tarqatildi.

Mavzuga oid