O‘zbekiston | 23:46 / 05.06.2020
3961
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbek kinosining kelajak konsepsiyasi" taqdimoti o‘tkazildi

“O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan o‘zbek kinematografiyasining istiqboli, yechilishi kerak bo‘lgan muammolar, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar aks etgan, yaqin 10-15 yilga mo‘ljallangan rejalar taqdim etildi. 

Foto: O‘zbekkino

Tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov rolik shaklida tayyorlangan "O‘zbek kinosining kelajak konsepsiyasi"ni taqdim qildi va yaqin yillarda o‘zbek kino san'atida katta rejalar tuzilayotganini ma'lum qildi.

U jumladan, kinoteatrlar sonini kengaytirish, ko‘p qavatli uylar yerto‘lalarida, yondosh binolarda ixcham (30-40 kishilik) kinozallar tashkil etish loyihalarini taqdim etdi. Nafaqat poytaxtda, balki viloyatlarda ham kino san'atiga oid maktablar, kollejlar tashkil etish bo‘yicha loyihalar tuzilayotganini bildirdi.

– Konsepsiyamiz ko‘ngildagidek amalga oshsa, yaqin o‘n yillar ichida “O‘zbekkino” Milliy agentligining hozirgi shakliga ehtiyoj qolmaydi. Sababi, dunyoning biror davlatida bunday tashkilot yo‘q. Bor tashkilotlar ham faqat muvofiqlashtiruvchi yoki ko‘mak beruvchi jamg‘armalar shaklida faoliyat yuritadi, – dedi F.Abduxoliqov.

Taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov ham sohaga oid o‘z fikrlarini bildirdi:

– O‘zbek kinosi davlat ko‘magisiz yashay olmaydi. Chunki bizda kinobozor yo‘q. E'tibor bering, 34 million aholi yashaydigan davlatda bor-yo‘g‘i 31 ta kinoteatr faoliyat yurityapti. Bu bilan qanday qilib tomoshabinni jalb qila olamiz? Hatto “Osmondagi bolalar” filmi ham uzoq vaqt namoyish etilganiga qaramay xarajatni qoplay olmagan. 

O‘zi dunyo bo‘yicha faqat uch davlat – AQSh, Hindiston va Nigeriyadagina kinosanoat daromadli. Gollivudning ham mingta filmidan 10-15 tasi katta mablag‘ keltiradi xolos, qolgani xarajatni qoplash uchun yugurib yurishadi. Hatto kino vatani bo‘lgan Fransiyada ham bu san'at foyda keltirmaydi, – dedi san'at arbobi.

Mavzuga oid