Jamiyat | 13:15 / 30.06.2020
6578
3 daqiqa o‘qiladi

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ: korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

Mamlakatimizda tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri inson huquqi, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishdan iborat.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJda «Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Andijon viloyat sudi sudyasi Oybek Barakabayev, Andijon shahar prokurori katta yordamchisi Avazbek Bozorboyev, Andijon shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Ahadjon G‘ulomov va korxona vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 may kungi PF-5729 sonli «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan fikr yuritishdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, korrupsiyaning yuzaga kelishi va korrupsiyaviy jinoyatchilikning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy hamda psixologik sabablari haqida tushuncha berildi. Sohada korrupsiyaning yuzaga kelish omillari muhokama etildi.

«Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha huquqiy asoslarning mustahkamlanishi bu illatga to‘siq qo‘yishda jamoatchilikning, nodavlat notijorat tashkilotlarining, fuqarolarning faol ishtirok etishiga imkoniyat yaratib berdi, – deydi Andijon shahar prokuror katta yordamchisi Avazbek Bozorboyev. – Xususan, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturining tasdiqlanishi yurtimizda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni samarali amalga oshirilishini ta'minlayotir». 

Shuningdek, tadbirda aholi huquqiy savodxonligining o‘sishi korrupsiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega ekanligiga e'tibor qaratildi. Ko‘p hollarda huquqiy savodxonlikning yetishmasligi korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘layotir. So‘zga chiqqanlar tomonidan ushbu yo‘nalishda – aholining huquqiy bilimini o‘stirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Ma'ruzachilar mavzu yuzasidan xorij tajribasi haqida ham to‘xtalib, so‘zlarini hayotiy misollar orqali qiziqarli tarzda ifodaladi. Ochiq muloqot yuqori saviyada va qizg‘in savol-javoblar bilan o‘tdi.

«Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid