Jamiyat | 23:29 / 22.02.2021
9987
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda ota farzandlarining alimenti o‘rniga sobiq rafiqasiga «Spark» kalitlarini topshirdi

Qo‘qon shahrida yashovchi erkak ikki nafar farzandining aliment to‘lovi sifatida sobiq rafiqasiga «Spark» mashinasining kalitlarini topshirdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi 2020 yil 14 dekabrda qarzdor erkakdan ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun sobiq rafiqasi foydasiga ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish haqida qaror chiqargan.

Majburiy ijro byurosining Qo‘qon shahar bo‘limi aliment undirish bo‘yicha ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgani haqida qarzdorga xabar bergan, aliment to‘lamaslik qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishi va muntazam ravishda har oyda belgilangan muddatlarda alimentni to‘lab borishi shartligi tushuntirilgan.

Byuro matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 19 fevral kuni qarzdor erkak farzandlari 18 yoshga to‘lgunga qadar alimentni oldindan to‘lab berishga qaror qilganini aytgan.

Ma'lum bo‘lishicha, u bu borada sobiq rafiqasi bilan o‘zaro kelishib olgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, oldindan to‘lashi lozim bo‘lgan 65 mln so‘m aliment puli o‘rniga o‘ziga tegishli bo‘lgan, taraflar kelishuviga ko‘ra 6700 dollarga baholangan «Spark» rusumli avtomashinani topshirgan.

Qayd etilishicha, Qo‘qon shahridagi notarial idorada bu jarayon protsessual rasmiylashtirilib, ayol aliment pulidan voz kechganini o‘z arizasi bilan tasdiqlagan.

Mavzuga oid