Jahon | 13:34 / 28.05.2021
7135
2 daqiqa o‘qiladi

Mali vitse-prezidenti o‘zini prezident deb e'lon qildi

Malidagi harbiy to‘ntaruv yetakchisi, vitse-prezident Assimi Goita o‘zini mamlakat prezidenti, deb e'lon qildi. Avvalroq, 24 may kuni Malining vaqtinchalik prezidenti Ba Ndao va bosh vaziri Muxtor Uan harbiylar tomonidan hibsga olingandi. 

Foto: Xinhua

Polkovnik Goita o‘zini prezident deb e'lon qilishi haqidagi bayonotni Ndao va Uan ozod qilingandan bir necha soat o‘tib bergan. U 2022 yilda yangi saylovlar o‘tkazishga va'da bergan.

Malida 2020 yil sentyabrda mamlakatning sobiq rahbariyati – prezident Ibrohim Bubakar Keyta va bosh vazir Bubu Sisse harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatilgandan keyin o‘tish hukumati tasdiqlanib, Ba Ndao vaqtinchalik prezident etib tayinlangandi. O‘tish davri 1,5 yil davom etishi, so‘ngra 2022 yil fevralda saylovlar bo‘lib o‘tishi belgilangandi.

Biroq harbiylar 9 oy o‘tgach, mamlakatda yana bir to‘ntaruvni amalga oshirib, Ndaoni ham hokimiyatdan chetlatishdi. Bunga esa Ndao tomonidan hukumatda amalga oshirilgan o‘zgartirishlar sabab bo‘lgan. Shundan keyin Goita prezident va bosh vazirni hukumatni shakllantirishda u bilan maslahatlashmaganlari uchun hokimiyatni topshirish shartini buzganlikda ayblab, lavozimlaridan ozod qilgan. BMTda Malida yuz bergan voqealar hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish, deb baholangan va hibsga olingan prezident hamda bosh vazirni darhol ozod qilish talab qilingan.

Mavzuga oid