O‘zbekiston | 20:08 / 16.06.2021
9518
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar ombudsmani Misrda yashayotgan o‘zbek ayol va qizlari bilan uchrashdi

15 iyun kuni ombudsman o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova boshchiligidagi delegatsiya Misr senatining inson huquqlari va ijtimoiy birdamlik qo‘mitasi raisi, senator Muhammad Ahmad Abdusalom Haybat bilan uchrashdi.

Ma'lum qilinishicha, uchrashuvda hozirda Misrda ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar, bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy ta'siridan himoyalash bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, tomonlar inson va bola huquqlarini ta'minlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldi. Misrga tashrif doirasida Aliya Yunusova Qohirada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ham uchrashdi.

“Suhbat davomida Bola huquqlari bo‘yicha vakil hamyurtlarimizning turmush tarzi, mehnat faoliyati va farzandlarining ta'lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shu bilan birga, A.Yunusova Misrda yashayotgan o‘zbek ayollar va qizlar bilan suhbatlashib, ularga bolalar huquqlarini himoya qilish, ushbu sohadagi O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berdi,” – deyiladi rasmiy xabarda.

Kun.uz ombudsmanning Misrga tashrifi so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ushbu davlatda ta'lim olayotgan o‘zbekistonliklar bilan yuzaga kelgan muammoga qanchalik aloqasi borligini bilish uchun tashkilot matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ombudsman matbuot kotibi Bolalar ombudsmanining tashrif rejasidan to‘la xabardor emasligini, tashrif yakunlanib, delegatsiya O‘zbekistonga qaytgach batafsil ma'lumot berilishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid