Jahon | 14:37 / 01.07.2021
21304
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Putinga: ukrainlar va rossiyaliklar bir xalq emasligi aniq

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 30 iyun kuni rossiyaliklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotida yangragan ayrim fikrlariga javob qaytardi.

Foto: RIA Novosti

Ukraina prezidenti Putinning Zelenskiy «o‘z mamlakatini tashqi boshqaruv ixtiyoriga berib qo‘ygani, Ukraina hayotiga oid muhim masalalar Kiyevda emas, Vashingtonda hal qilinishi» to‘g‘risidagi so‘zlariga e'tiroz bildirdi

«Bu go‘yoki men "Hamma narsa Kremlda hal qilinadigan bo‘lsa, rossiyaliklarga saylovlarning, demokratiyaning nima keragi bor?" deb gapirishimga o‘xshaydi»,— dedi Zelenskiy.

U Rossiya prezidentining ukrainlar va rossiyaliklarni bir xalq degan fikriga ham qo‘shilmadi.

«Keling, hammasiga nuqta qo‘yaylik. Biz bir xalq emasligimiz aniq»,— dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy ikki xalq o‘rtasida umumiy jihatlar borligini e'tirof etdi.

«Ammo yana bir marta qaytaraman, bir xalq emasmiz. Bir xalq bo‘lganimizda Moskvada grivna muomalada bo‘lar, davlat dumasi tepasida esa sariq-moviy bayroq hilpirayotgan bo‘lardi. Yana bir narsa – bir vaqtning o‘zida bizning hududlarni ochiqchasiga egallab va Donbassda qirg‘inni davom ettirgan holda "bir xalq" to‘g‘risida gapirib bo‘lmaydi», - dedi u.

Mavzuga oid