Britaniya “oltin vizasi”ni olgan o‘zbekistonlik millionerlar soni ma'lum bo‘ldi
2008–2020 yillar davomida 12 nafar O‘zbekiston fuqarosiga Buyuk Britaniya “oltin vizasi” berilgan. “Spotlight on Corruption” tashkiloti bu viza turini “iflos pullar uchun to‘shalgan qizil gilam” deya ta'riflab, uni olayotgan millionerlar orasida korrupsionerlar ham ko‘p bo‘lishi mumkinligiga e'tibor qaratdi.
Buyuk Britaniyada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi “Spotlight on Corruption” jamoat tashkiloti xorijlik investorlarga qirollikda yashash huquqini beruvchi “oltin viza” (Tier 1 – Investor Visa) mavzusida o‘z tadqiqoti natijalarini e'lon qildi.
Tadqiqot xulosasida Britaniya “oltin vizasi”ni olayotganlar orasida yirik korrupsionerlar ham ko‘p bo‘lishi mumkinligiga urg‘u berilgan.
Hisobotdan ma'lum bo‘lishicha, 2008–2020 yillar davomida 12 nafar o‘zbekistonlik Buyuk Britaniya “oltin vizasi”ni olishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu 12 nafar o‘zbekistonlik kim ekani noma'lum: London rasmiylari bu turdagi investor vizasini olgan badavlat xorijliklar shaxsini ochiqlamay keladi.
Tadqiqot mualliflari “oltin viza” rejimi shaffofligini oshirish kerakligini ta'kidlab, aks holda Tier 1 viza dasturi dunyo miqyosida korrupsionerlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikka aylanib qolayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
“Oltin viza”ni olishni istovchilar Britaniyada joylashgan kompaniyaga kamida 2 mln funt sterling investitsiya kiritishi yoki xuddi shuncha qiymatda qirollik obligatsiyalarini sotib olishi talab etiladi.
Bu vizani olish 2 mln funt sarmoya kiritgan badavlat shaxslarga Britaniyada oilasi bilan 3 yil davomida yashash, so‘ng bu muddatni yana 2 yilga uzaytirish, yakunda esa Britaniya fuqaroligini olishga yo‘l ochib beradi.
Agar investitsiya qiymati 2 mln emas, 5 mln funt bo‘lsa, da'vogarlar Angliyada muddatsiz, doimiy yashash huquqini olishlari uchun 3 yil kifoya. 10 mln funt investitsiya kiritganlar esa 2 yil kutishsa bas.
“Spotlight on Corruption”ning qayd etishicha, shu paytgacha berilgan “oltin viza”larning 50 foizi ingliz milliy xavfsizlik organlarining taftish doirasiga tushgan; bu taftish boshlanganiga 3 yil-u 4 oy o‘tgan bo‘lsa-da, uning natijalari e'lon qilinmay kelmoqda.
“Oltin viza” uchun berilgan arizalar 3 hafta, boshpana so‘rab berilgan arizalar esa 6 oy ichida ko‘rib chiqiladi. “Oltin viza” so‘rab yozilgan arizalarning 9 foizi rad etiladi, boshpana so‘rovlarida esa bu ko‘rsatkich – 42 foiz.
2008–2015 yillar “ko‘r-ko‘rona ishonch” davri edi, bu vaqtda arizachilar o‘z boyligini qanday to‘plagani yo juda kam tekshirilgan, yoki umuman tekshirilmagan. “Ko‘r-ko‘rona ishonch” yillarida berilgan “oltin viza”larning 85 foizi Rossiya fuqarolariga berilgan”, – deyiladi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi ingliz jamoat tashkiloti hisobotida.
Tashkilot qator omillar sabab o‘z hisobotini “Iflos pullar uchun to‘shalgan qizil gilam” deya nomlagan.
“Spotlight on Corruption” fikriga ko‘ra, Buyuk Britaniya hukumati “oltin viza” rejimi bo‘yicha shoshilinch tekshiruvlar o‘tkazib, rejimni isloh qilishi, xususan uning shaffofligini oshirib, viza berishda talabgorlar o‘z boyligini qaysi yo‘llar bilan orttirganiga ko‘proq e'tibor qaratishi lozim.
Tashkilot britan “oltin vizasi”ni olganlar orasida o‘z mamlakatida korrupsion va boshqa jinoyatlarda ayblangan yoki ayblanayotgan shaxslar ham yetarlicha ekaniga e'tibor qaratgan. Xususan, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning amakivachchasi Izzat Javadova, Ozarboyjon davlat bankining sobiq rahbari Zamira Hojiyeva, ukrainalik oligarx Gennadiy Bogolyubov, Qozog‘iston sobiq energetika vaziri Madiyor Ablyazovning o‘g‘li sanab o‘tilgan.
Hisobotda, Buyuk Britaniya apellyatsiya sudi “oltin viza”ga ariza topshirgan 100dan ortiq “investor” qo‘llagan investitsion sxemani qonuniy deb topgani haqida ham so‘z boradi. Bu sxemaga ko‘ra, vizaga talabgorlar Rossiya fuqarolariga tegishli firmalardan qarz olib, bu pullarni Britaniyada ochilgan, lekin benefitsiarlari rossiyaliklar bo‘lgan kompaniyalarga go‘yoki investitsiya sifatida kiritishlari, shu orqali Britaniya “oltin vizasi”ga da'vo qilishlari mumkin.
Sud bu sxemani qonuniy deb topgan bo‘lsa-da, hukumatga immigratsiya qoidalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni maslahat bergan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2008–2020 yillar davomida 12 649 nafar shaxsga Buyuk Britaniya “oltin vizasi” berilgan, shundan 4621 nafari – investorlar, qolgani esa ularning yaqin qarindoshlari.
“Spotlight on Corruption”ning yozishicha, “oltin viza”larning katta qismi korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar fuqarolariga berilmoqda. 12 yillik davrda shu turdagi jami vizalarning 32 foizi Xitoy (4106 kishi), 20 foizi Rossiya (2526 kishi) fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Fuqarolari britan investor vizasini ko‘p olayotgan mamlakatlar sifatida Pokiston (283), Qozog‘iston (278), Hindiston (254), Saudiya Arabistoni (223), Turkiya (221), Misr (206) va Ukraina (175) ham sanab o‘tilgan.
Mavzuga oid
10:43
Qirg‘iziston ayrim Ko‘rfaz davlatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi
10:06
O‘zbekiston va Makao o‘rtasida vizasiz tartib o‘rnatish masalasi muhokama qilinmoqda
00:10 / 25.12.2024
Sun’iy intellekt diabet rivojlanish xavfini o‘nlab yillar oldin aniqlashga yordam beradi
03:11 / 24.12.2024