Mayami meri Kubaga zarbalar berishni taklif qildi
AQShning Mayami shahri meri Frensis Suares AQSh ma'muriyati hozirda ommaviy noroziliklar yuz berayotgan Kubaga u yerdagi hokimiyatni ag‘darish uchun havo zarbalari berish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. U bu haqda Fox News telekanali efirida aytib o‘tdi.
Uning fikricha, Vashington Havanaga bosim o‘tkazishning ushbu yo‘lini o‘rganib chiqishi lozim.
Shuningdek, Suaresning ta'kidlashicha, AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati “Kubada harbiy harakatlar” amalga oshirish uchun “koalitsiya tashkil etish” imkoniyatini o‘rganib chiqishi kerak. U bunday “harbiy intervensiyalarga” misol sifatida 2011 yilda AQSh maxsus xizmatlari tomonidan Pokiston shimolida “Al-Qoida” yetakchisi Usoma bin Lodinni yo‘q qilish bo‘yicha o‘tkazilgan amaliyotni hamda Yugoslaviyaning NATO kuchlari tomonidan bombardimon qilinishini keltirib o‘tgan. Uning aytishicha, ushbu harakatlar “gumanitar masalalarni hal qilish uchun” zarur bo‘lgan.
Boshlovchi Mayami meridan “Siz Kubani bombardimon qilishni taklif qilyapsizmi?” degan aniqlashtiruvchi savoliga “ushbu variantni shunchaki rad etmay, uni o‘rganib chiqish kerakligini taklif qilayotganini” aytgan.
Keyinroq Suares Kubaga aviazarbalar berishga chaqirmagani, faqatgina misol keltirib o‘tganini aytgan. U bu haqda MSNBC telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qilgan.
“Men aniq bir strategiyani targ‘ib qilmoqchimasman, men harbiy ekspert, armiya a'zosi emasman. Bunday qarorlarni harbiylarimiz qabul qiladi”, deb aytgan Mayami meri.
U AQShning avvalgi prezidentlari ma'muriyati boshqa davlatlardagi vaziyatga aralashgan holatlar bo‘lganini eslatib o‘tgan.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki AQSh Kubada bo‘layotgan oxirgi voqealar ortida Havanaga nisbatan siyosatini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelishini aytgan.
Hozirda Kubaning ko‘plab shaharlarida, jumladan, poytaxt Havanada hukumatga qarshi 1990-yillardan beri eng yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Mahalliy aholi oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi va narx-navo oshishiga, elektr ta'minotidagi uzilishlarga, tibbiy vositalar yetishmasligiga qarshi norozilik bildirmoqda. Ushbu noroziliklar mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz va koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payayotgani ortida o‘tmoqda. Kubadagi iqtisodiy holatning yomonlashuviga ko‘p jihatdan AQSh sanksiyalari o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024