Jahon | 12:30 / 10.09.2021
10427
2 daqiqa o‘qiladi

Facebook tarixdagi ilk “aqlli” ko‘zoynakni taqdim qildi

Facebook kompaniyasi ko‘zoynaklar ishlab chiqaruvchi Ray-Ban kompaniyasi bilan birga tarixdagi ilk “aqlli” ko‘zoynak – Stories’ni taqdim qildi. Ko‘zoynak narxi 299 dollarni tashkil qiladi.

Ray-Ban Stories ko‘zoynagi AQSh, Britaniya, Italiya, Avstraliya, Irlandiya va Kanadada 9 sentyabrdan sotuvga chiqarilgan. Uning qolgan davlatlar bozoriga chiqarilishi muddatlari hali ma'lum qilinmagan.   

Ko‘zoynak o‘z gardishiga o‘rnatilgan ikkita 5 Mpli kamera bilan jihozlangan. Ko‘zoynakda kameralar surat yoki 30 soniyagacha davom etuvchi videoni olish vaqtida atrofdagilarni bundan ogohlantiruvchi yorug‘lik-diodli indikator yonadi. Ko‘zoynak bandlariga musiqa eshitish va ovozli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishga imkon beruvchi kichik o‘lchamli karnay va mikrofonlar o‘rnatilgan. Qurilmaning texnik ko‘rsatkichlari oshkor qilinmagan, biroq u Snapdragon protsessori bilan jihozlangani ma'lum.

Ray-Ban Stories suratga olishni boshlash uchun tugmachaga ega va Facebook Assistant ovozli buyruqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma yordamida olingan foto va videolar bilan ishlash uchun Android va iOS operatsion tizimlarida ishlovchi smartfonlar uchun Facebook View dasturi ko‘zda tutilgan.

Ta'kidlanishicha, “smart” ko‘zoynaklar turli linza va gardishlar bilan birga 20 xil variantda savdoga chiqariladi.

Mavzuga oid