O‘zbekiston | 12:27 / 18.10.2021
10944
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh mudofaa vaziri yordamchisi O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokara o‘tkazdi 

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

AQSh mudofaa vazirining maxsus amaliyotlar va past darajadagi nizolar bo‘yicha yordamchisi Kristofer Mayyer O‘zbekistonda chegara xavfsizligi masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum ma'lum qildi.

«Mudofaa vaziri yordamchisi Kristofer Mayyer boshchiligidagi idoralararo delegatsiyaning tashrifi davomida so‘nggi bir necha kun ichida O‘zbekiston hukumati bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha samarali muzokaralarda qatnashganimdan va chegara xavfsizligi masalalarini muhokama qilganimdan juda mamnunman», deb yozdi diplomat Twitter’da.

Avvalroq, Politico nashri Vashington va Toshkent o‘rtasida yaqinroq aloqalar o‘rnatish borasidagi ishlar ancha chuqurlashgani va AQSh parlamentida O‘zbekistonning do‘stlari ortib borayotgani haqida xabar bergandi.
 
Nashr oktabr oyi davomida Pentagon rasmiylarining O‘zbekistonga tashrifi kutilayotgani va xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinishini bildirgandi. Tashrif davomidagi asosiy masala AQShning terrorizmga qarshi kurash kuchlarini «ufqda» joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘lishi aytilgan.

O‘z navbatida, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonda AQSh harbiy bazalarini joylashtirish muhokama qilinmayotganini ma'lum qilgan.

«O‘zbekistonda AQShning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qurolli kuchlarini joylashtirish imkoniyati kun tartibida yo‘q va muhokama qilinmayapti», degan vazir jurnalistlar savoliga javoban Minskda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, AQShning aksilterror bo‘linmalarini O‘zbekistonga joylashtirish bo‘yicha hech qanday taklif kelib tushmagan va bu masala ayni paytda ko‘rib chiqilmayapti.

AQSh harbiy kuchlari Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarni amalga oshirishda 2001–2014 yillarda Qirg‘izistonning «Manas» aeroportidan hamda 2001–2005 yillar mobaynida O‘zbekistonning «Qarshi-Xonobod» harbiy bazasidan foydalangan.

Mavzuga oid