Turkiy davlatlar rivojlanishida innovatsiyalarning o‘rni muhokama qilindi
23 noyabr kuni Toshkentda «Turkiy davlatlarda innovatsiyalar va texnologiyalar rivojlanishining o‘rni» forumi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi mezbonlik qilgan forum «InnoWeek.Uz-2021» haftaligi doirasida o‘tkazilgan.
Onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan anjumanda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov, Qirg‘iziston Raqamli iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Zalkarbek Karibekov hamda AKT mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad turkiy davlatlarda ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar rivojlanishining bugungi holatini tahlil qilish hamda ushbu sohalardagi manfaatli hamkorlik istiqbollarni belgilab olish, davlat tashkilotlari va xususiy sektor o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishdan iborat.
Forumning birinchi panel sessiyasi «Hududiy texnologik rivojlanish: kecha va bugun» mavzusida o‘tkazildi. Unga Turkiya savdo-sanoat palatasi bosh kotibi Adem Kula moderatorlik qildi. «Axborot texnologiyalarining turkiy modeli va texnologiyalar transferida hamkorlik» mavzusidagi panel sessiyasiga Turkiy davlatlar tashkiloti loyiha direktori Farrux Jumayev moderatorlik qildi.