Jahon | 14:50 / 06.01.2022
18436
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yetib keldi

KXShT kollektiv kuchlarining asosiy vazifasi davlat va harbiy obektlarni qo‘riqlash, vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi.

Foto: TASS

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga yetib keldi, ular o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi. Bu haqda KXShT kotibiyatiga tayanib, TASS xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tinchlikparvar kuchlar tarkibiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston qurolli kuchlari bo‘linmalari kiritilgan.

"KXShT kollektiv kuchlarining asosiy vazifasi davlat va harbiy obektlarni qo‘riqlash, Qozog‘iston Respublikasi huquq-tartibot kuchlariga vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi”, - deya ta’kidlangan KXShT kotibiyati tomonidan.

Qayd etilishicha, Qozog‘istonga jo‘natilgan tinchlikparvar kuchlar tarkibidan Rossiya havo-desant qo‘shinlari o‘rin olgan.

5 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘istondagi tartibsizliklarga sababchi bo‘lgan terrorchi to‘dalar “mohiyatan xalqaro bo‘lib, ular xorijda jiddiy tayyorgarlikdan o‘tgani, ularning Qozog‘istonga hujumini esa tajovuzkorlik harakati sifatida ko‘rish mumkin va kerak”ligini aytgandi.

KXShTning rasmiy hujjatlariga ko‘ra, “agar ishtirokchi davlatlardan biri tajovuzga (xavfsizlik, barqarorlik, hududiy yaxlitlik va suverenitetga tahdid soluvchi qurolli hujum) uchrasa, bu ushbu shartnomaning barcha ishtirokchi davlatlari tomonidan tajovuz (xavfsizlik, barqarorlik, hududiy yaxlitlik va suverenitetga tahdid soladigan qurolli hujum) sifatida baholanadi”.

Mavzuga oid