Jamiyat | 17:00 / 25.01.2022
7047
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zRTXB”: birja tovarlarining logistikasi raqamlashtirilmoqda

Foto: O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 dekabrdagi 777-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining e-logistika.uzex.uz elektron logistika portali takomillashmoqda.

Endilikda yuqori likvidli va monopol tovarlarni birja savdolariga qo‘yib borayotgan 70 dan ziyod korxonalar o‘zlarining client.uzex.uz shaxsiy kabinetida elektron kalendar orqali mahsulotlarni yuklash hajmlarini joylashtirishlari lozim. Bunda, portalda tuzilgan bitimlarning elektron reyestri tovarlarni yuklash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, mahsulotlarni yuklab berish ketma-ketligi esa “shaffof navbat” tamoyili asosida elektron tizim tomonidan to‘lovlar amalga oshirilgan vaqtidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Shuningdek, shaxsiy kabinetda xaridor yuk tashishda shaxsiy avtotransportdan foydalanganligi to‘g‘risida ma’lumot va xaridorga affillangan korxona yuk tashish xizmatini ko‘rsatgan taqdirda to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarni ro‘yxatga olish funksiyalari ham joriy etilgan.

Bundan tashqari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda portal orqali birja tovarlarini tashish xizmatlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan savdo jarayolarini kuzatish, zarur ma’lumotlar bilan almashish, nohalol yuktashuvchilarni aniqlash va ularga tegishli choralarni qo‘rishlari mumkin.

O‘z navbatida, logistika portali birja tovarlarining xaridorlariga malakali yuk tashuvchi kompaniyalarni aniqlash va elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalariga o‘rnatilgan GPS-trekerlari yordamida o‘z mahsulotlarining harakatlanishini kuzatib borish imkonini beradi.

Mazkur portalning boshqa afzalliklariga onlayn savdolar va yetkazib berish tartib-taomillarining shaffofligi, barcha ishtirokchilar uchun yaratilgan teng imkoniyatlar, bozor narxlarining maqbulligi, shuningdek yuk tashishda vaqt va mablag‘ning tejalishi kiradi.

Eslatib o‘tamiz, e-logistika.uzex.uz elektron logistika portali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 martdagi PQ-5031-son qaroriga muvofiq yuk tashish sohasida shaffoflikni ta’minlash va sog‘lom raqobatni yaratish maqsadida ishlab chiqildi va tatbiq etildi.

Ushbu qarorga ko‘ra, monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.

Portalning operatori deb O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 oktyabrdagi PF-5564 Farmoniga muvofiq tashkil etilgan “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJning shu’ba korxonasi hisoblanadi.

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi Ⓣ

Mavzuga oid