Sport | 12:50 / 17.02.2022
32820
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Shoabdurahmonov MOQ raisligidan ketdi

2019 yilning may oyidan beri Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan Rustam Shoabdurahmonov o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shatildi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov o‘z arizasiga binoan lavozimini tark etdi. Bu haqda qo‘mita Ijroqo‘mining 17 fevral kungi navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilindi.

«Yig‘ilishda so‘zga chiqar ekan, R.Shobdurahmonov so‘nggi yillarda davlat rahbarining jismoniy tarbiya va sportga qaratayotgan ulkan e’tibori, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar, yaratib berilayotgan sharoitlar, mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi va buning uchun muhtaram Prezidentimizga minnatdorchilik bildirdi. 

O‘z navbatida R.Shoabdurahmonovning arizasi Ijroqo‘m a’zolari tomonidan qabul qilindi», deyiladi MOQ matbuot xizmati xabarida.

Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yangi rahbar MOQning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi yig‘ilishida saylanadi.

Rustam Shoabdurahmonov 2019 yil mayida Umid Ahmadjonov o‘rniga qo‘mita raisi bo‘lgandi. Bunga qadar esa O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga rahbarlik qilgan.

Rustam Shoabdurahmonov shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasiga rahbarlik qilgan. O‘z vaqtida u Toshkent shahar hokimi lavozimida ham faoliyat yuritgan.

  • Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi qishki Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi. O‘zbekistonning o‘yinlardagi yagona vakili Komiljon To‘xtayev 16 fevral kuni  tog‘ chang‘isi sportining slalom yo‘nalishidagi chiqishida xatoga yo‘l qo‘ydi va uning natijasi hisobga olinmadi.

Mavzuga oid