Sport | 19:33 / 15.05.2019
64943
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy olimpiya qo‘mitasiga yangi rahbar saylandi

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi prezidenti etib saylandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

15 may kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi.

Bosh Assambleya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, sport federatsiya va assotsiatsiyalarning rahbarlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Unda kun tartibidan quyidagi 2 masala o‘rin oldi: shu davrgacha qo‘mitaga rahbarlik qilgan Umid Ahmadjonovning o‘z xohishiga ko‘ra iste'foga chiqish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish va uning o‘rniga yangi rahbar saylash.

Assambleya davomida so‘zga chiqar ekan, Abdulla Aripov Tokio Olimpiadasiga oz fursat qolgani va sportchilarimizni bo‘lajak musobaqaga puxta tayyorlash, ishlarni yanada jadallashtirish, Olimpiya o‘yinlariga imkon qadar ko‘proq litsenziyalar qo‘lga kiritish bo‘yicha mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalarni berdi.

Shundan so‘ng, yig‘ilish ishtirokchilariga Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidentligiga O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov nomzodi taklif qilindi. Assambleya ishtirokchilari bir ovozdan ushbu nomzodni qo‘llab quvvatlashdi va Rustam Shoabdurahmonov MOQ prezidenti etib saylandi.

«Avvalombor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun katta rahmat. Tushunib turibman, zimmamda juda mas'uliyatli va muhim vazifa turibdi. Tokio Olimpiadasiga ham oz fursat qoldi. Yangi vazifamda bor kuch-g‘ayratimni ishga solishga va'da beraman. Bu yo‘lda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, barcha federatsiyalar va assotsiatsiyalarni hamkorlikka va qo‘llab-quvvatlashga chaqirib qolaman», – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Rustam Shoabdurahmonov 2018 yilning iyunida Prezident farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘ta muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga molik obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash direksiyasi raisi etib tayinlangan edi. U o‘tgan yilning iyulida O‘zbekiston qilichbozlik Federatsiyasiga ham rais bo‘lgandi. O‘z vaqtida Rustam Mavzurovich Toshkent shahar hokimi lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Bosh vazir MOQning sobiq prezidenti Umid Ahmadjonovning muddatidan avval iste'foga chiqarilishini quyidagicha izohlagan: «Prezidentimiz sportni rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratmoqdalar. Milliy olimpiya qo‘mitasi oldiga katta va mas'uliyatli vazifalarni qo‘ymoqdalar. Mazkur topshiriqlarni bajarish uchun rahbar yaxshi boshqaruvchi bo‘lishi, sportchilar bilan yaqin va samimiy munosabatda bo‘lib ularni yirik va nufuzli musobaqalarga tayyorlashi, moliyaviy-iqtisodiy masalalarni hal etish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Afsuski, Ahmadjonov faoliyatida bular ko‘zga tashlanmadi. Oldinda yirik va nufuzli musobaqalar, olimpiada o‘yinlari turibdi. Rustam Shoabdurahmonov mazkur talablarga javob beradigan rahbar va albatta oldida turgan vazifalarni bajara oladi, deb umid qilamiz».

Yig‘ilishda assambleya a'zolari Bosh vazirga o‘zlarini qiynayotgan qator masalalar bo‘yicha murojaat qilgan. Bosh vazir sport ustalariga javoban sohaning hozirgi kundagi ahvoli, yirik musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlikning holati bo‘yicha alohida gaplashib olishga tayyor ekanini va bu uchrashuv may oyining oxiriga qadar o‘tkazilishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid