Jahon | 07:48 / 31.03.2022
37173
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Osetiya Rossiyaga qo‘shilishni rejalashtirmoqda

Janubiy Osetiya 10 apreldan keyin Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazmoqchi. Abxaziya bunday qadamga bormasligini bildirgan.

Foto: Global Look Press

Janubiy Osetiya yaqin vaqt ichida Rossiyaga qo‘shilish uchun «qonuniy qadamlar» qo‘ymoqchi. Bu haqda 30 mart, chorshanba kuni tan olinmagan respublika rahbari Anatoliy Bibilov bayonot berdi.

«Bo‘lingan osetin xalqining asosiy tarixiy, strategik maqsadi bir davlat doirasida birlashishdir. Bu davlat - Rossiya Federatsiyasi. Biz yaqin vaqt ichida tegishli huquqiy choralarni ko‘ramiz», — deyiladi uning murojaatida.

Keyinroq Bibilovning matbuot kotibi aniqlik kiritishicha, Janubiy Osetiyaning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum tan olinmagan respublika rahbari saylovidan so‘ng, ya’ni 10 aprel kunidan keyin o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda, Abxaziya rahbariyati respublikaning bunday rejalari yo‘qligini ta’kidladi. «Abxaziyaning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilishi haqida gap ketmayapti. Abxaziya konstitutsiyasida mamlakatimiz mustaqil davlat deb mutlaqo aniq e’lon qilingan», - deya Abxaziya parlamenti spikeri Valeriy Kvarchiyaning 30 martdagi bayonotidan iqtibos keltirgan «Interfaks» agentligi. 

«Rossiya bizning strategik hamkorimiz, yaqin davlat, ammo bizning respublikada Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilish rejalari yo‘q», deb ta’kidladi siyosatchi. 

2008 yil 26 avgustda, Gruziyadagi «besh kunlik urush»dan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedev Rossiya Federatsiyasi tomonidan Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. O‘shandan beri Janubiy Osetiya rahbariyati Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazish rejasini bir necha bor e’lon qilgan edi. 

Mavzuga oid