Jahon | 09:04 / 02.06.2022
23441
4 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Ukrainaga M270 raketa tizimlarini jo‘natmoqchi 

London Kiyevga AQShda ishlab chiqarilgan M270 MLRS raketa tizimlarini yetkazib bermoqchi. Ular Vashington Ukrainaga jo‘natmoqchi bo‘lgan HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlariga o‘xshash xususiyatlarga ega.

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya Ukrainaga Vashington Kiyevga bermoqchi bo‘lgan HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari (YaO‘RT)ga o‘xshash AQShning M270 raketa tizimlarini yetkazib beradi. Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uollesning bayonotida aytilgan, deb xabar bermoqda CNN 2 iyun, payshanbaga o‘tar kechasi. 

Bu harakat Vashingtonning Ukrainaga HIMARS tizimini taqdim etish haqidagi qarori bilan «yaqindan muvofiqlashtirilgan», dedi u. Uolles, shuningdek, Rossiyaning taktikasi o‘zgargan sari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ham o‘zgarishi kerakligini ta’kidladi. 

Avvalroq Politico internet nashri o‘z manbasiga tayanib, xuddi shunday xabar bergan edi. Manbaga ko‘ra, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 1 iyun kuni ertalab AQSh prezidenti Jo Bayden bilan ushbu masalani muhokama qilgan, 2 iyun kuni ertalab esa Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘rtasida xuddi shu mavzuda suhbat bo‘lib o‘tadi. «Qurol eksportini tartibga soluvchi qoidalarga ko‘ra AQSh bu harakatni rasman ma’qullashi kerak, biroq Bayden ma’muriyati uni muvofiqlashtirib oladi», deb yozadi nashr. 

Politico ma’lumotlariga ko‘ra, HIMARS va M270 MLRS o‘xshash imkoniyatlarga va o‘t ochish masofasiga ega, ammo HIMARS yengilroq versiya bo‘lib, g‘ildirakli shassida 80 km/soat tezlikda harakatlanadi. Undan foydalanganda ukrainaliklar Rossiya dronlari ularni aniqlay olguncha o‘t ochish hamda yashirinish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deya tushuntirgan nashr. 

M270 MLRS gusenitsa (g‘ildirak vazifasini o‘tovchi keng zanjir tasma)da harakat qiladi, ya’ni u HIMARS’ga qaraganda sekinroq. Ammo shu bilan birga, HIMARS bir vaqtning o‘zida oltita raketani, M270 MLRS esa o‘n ikkita raketani uchirishi mumkin. 

M270 raketalari taxminan 80 km masofadagi nishonlarga zarba bera oladi. Oxirgi bir necha hafta ichida raketalar radiusi Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha munozaralarda o‘ziga xos to‘siqqa aylandi. Bir qator G‘arb davlatlari rasmiylari Kiyevni Rossiya hududiga zarba bera oladigan raketalar bilan ta’minlash Rossiya prezidenti Vladimir Putinni mojaroni kuchaytirish, jumladan kimyoviy va hatto yadro qurolini qo‘llashiga turtki berishi mumkinligidan xavotirda. 

31 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden The New York Times gazetasi ruknida Vashington Ukrainaga to‘rtta HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimini jo‘natish niyatida ekanligini ma’lum qildi. 

Baydenning maqolasi e’lon qilingandan so‘ng, AQSh prezidenti ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlaridan biri Ukraina bu qurollarni faqat o‘z hududida qo‘llashini va Rossiyadagi nishonlarni urish uchun mo‘ljallanmaganini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, Ukrainaga yuboriladigan qurilma turi 80 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urishga qodir. 

Mavzuga oid