O‘zbekiston | 11:33 / 28.06.2022
7019
2 daqiqa o‘qiladi

“Sovkombank” “O‘zagroeksportbank”ni xarid qilish bo‘yicha bitimni bekor qildi

“Sovkombank” “O‘zagroeksportbank”ni 4 million dollarga sotib olishni nazarda tutuvchi bitimni bekor qildi. Sabab sifatida iqtisodiy sanksiyalar keltirib o‘tilgan.

Foto: Vedomosti

Rossiyaning xususiy banklar orasida kattaligi jihatidan uchinchi o‘rinda turuvchi “Sovkombank” banki O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan tuzilgan “O‘zagroeksportbank”ni to‘liq sotib olishni nazarda tutuvchi bitimni bekor qildi. Bu haqda “Sovkombank” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Xotimskiy ma’lum qilgan.

“Afsuski, bizga, shuningdek, Rossiyaning deyarli barcha tizimli banklariga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. Hozirgi sharoitda loyihani amalga oshirish imkonsiz. Tomonlarning o‘zaro qaroriga ko‘ra bitim bekor qilindi”, — deya ma’lum qilgan bank matbuot xizmati.

AQSh joriy yilning fevral oyi oxirida “Sovkombank”ga nisbatan sanksiyalar kiritgandi. Keyinchalik bir qator boshqa davlatlar tomonidan ham xuddi shu kabi qarorlar qabul qilindi.

“O‘zagroeksportbank”ni Rossiya “Sovkombank”iga sotish bo‘yicha bitim 2022 yilning 23 fevralida tuzilgan edi. Unga ko‘ra, “Sovkombank” “O‘zagroeksportbank”ning 100 foiz davlat ulushini 4 million dollarga sotib olishi kerak edi.

Ma’lumot uchun, “O‘zagroeksportbank” 2017 yilda tashkil etilgan. Bankning asosiy faoliyati agrosanoat sohasidagi ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

Mavzuga oid