O‘zbekiston | 17:00 / 05.07.2022
4727
6 daqiqa o‘qiladi

«Hyatt Regency» mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi uchrashuvi va Turkiy agroforum bo‘lib o‘tdi

Unda Iroq, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston kabi mamlakatlarning ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyalari ishtirok etdi.

Foto: Oziq-ovqat sanoati uyushmasi

Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etildi. Tadbir qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud ko‘p tomonlama hamkorlikni baholash va TDT a’zolari hamda kuzatuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish, texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalarni yetkazish hamda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarda sinergiyani kuchaytirish, o‘simlik mahsulotlari va dorivor o‘simliklar ishlab chiqarish sohasida hamjihatlikda ishlash imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida o‘tkazildi.

Forumda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar (Turkiya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston) qishloq xo‘jaligi vazirlari, kuzatuvchi davlatlarning (Vengriya va Turkmaniston) rasmiy vakillari, shuningdek, tegishli idoralar mutasaddilari, sohaga oid tashkilotlar va yetakchi kompaniyalar, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini taraqqiy ettirishga qaratilgan nutqlari bilan qatnashdi. Jumladan, O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov ham forumda chiqish qilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan quyidagi fikr-mulohaza hamda takliflarni bildirib o‘tdi:

— Biz Oziq-ovqat sanoati uyushmasi sifatida turkiy davlatlarning tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlik sanoatimizni izchil rivojlantirishda naqadar muhim o‘rin tutishini o‘z tajribamizdan juda yaxshi bilamiz.

Tarixan, davlatlarimiz tadbirkorlari o‘rtasida yaqin savdo aloqalari rivojlanib, texnologiyalar, malaka va sohadagi tajribalar o‘zaro almashinib kelinmoqda. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyati o‘zaro mavjud hamkorlik va hamjihatlik aloqalarini yanada rivojlantirishga turtki beradi.

Hozirda uyushmamizga a’zo bo‘lgan korxonalar Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya korxonalari bilan faol hamkorlik qilmoqda. Tahlil etadigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar bozori 150 milliondan ortiq iste’molchi, ulkan tabiiy resurslarga ega, ilmiy va texnologik yutuqlarga boy sanaladi. Aynan ushbu jihatlarni hisobga olib, Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini hukumatlararo darajada qo‘llab-quvvatlash ayni paytda muhim ahamiyatga egadir, desak adashmaymiz.

O‘zbekistonda agrosanoat tarmog‘i O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biridir. Bu borada O‘zbekiston hukumati va davlat organlari tomonidan davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, turli dasturlarni ishga tushirish, tadbirkorlarga subsidiyalar berish va maxsus tashkil etilgan jamg‘armalar hisobidan yangi loyihalarni moliyalashtirish yo‘li bilan ushbu sohadagi xususiy sektorni hukumat har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.

Albatta, butun dunyo agrosanoatiga xos bo‘lgan qiyinchiliklar: suv yetishmasligi, tuproq sho‘rlanishi, ekologiya va shu kabi masalalar ham borki, ularni faqat bir qancha davlatlar ishtirokida hal qilish mumkin. Aytish joiz, Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqalarning global muammolarini birgalikda hal qilish imkonini beruvchi, til, madaniyat hamda an’analar bo‘yicha mamlakatlarni bir nuqtada jamlovchi, noyob platformadir.

 

Fursatdan foydalanib, ayni damda turkiy davlatlar tadbirkorlari o‘rtasidagi savdo aloqalari va eksport-import operatsiyalarini rivojlantirishga samarali xizmat qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta takliflarni bildirmoqchiman:

Birinchi taklif. Bu Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining birjalararo savdosini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishdir. Ayni paytda mamlakatimiz bilan Qozog‘iston, Belarus, Rossiya davlatlari o‘rtasida bu kabi tadbirlarning ijobiy tajribasi mavjud. Xususan, savdo geografiyasini kengaytirish amaliyoti tovarlarni ayirboshlash, to‘lovlarni tartibga solish va barqarorlashtirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, turkiy davlatlarning umumiy savdo birjasini yaratish katta masshtabli ma’lumotlar almashish platformasining yuzaga kelishiga turtki berib, bu o‘z o‘rnida, birja savdolarida sog‘lom raqobat muhiti shakllanishiga ham ko‘mak beradi. Raqobat bo‘lgan joyda, barchamizga ma’lum, doimo o‘sish, ildamlash bo‘lishi – tabiiy.

Shuningdek, turkiy davlatlar birjalarining integratsiyalashuvi oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ba’zi bir hududlarda taqchillashib qolishining oldini oladi, narxlarni barqaror tarzda ushlab turishga xizmat qiladi.

Ikkinchi taklif. O‘zbekistonning eksport imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida tegishli davlat organlari ko‘magida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini unifikatsiya qilish, ularning biologik, texnik me’yorlar va muayyan hudud talablariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish loyihasini amalga oshirish. Loyiha dehqon xo‘jaligi, tomorqa egasi va boshqalar o‘rtasida doimiy axborot almashinuvini ta’minlash maqsadida axborot texnologiyalarini joriy etish orqali yo‘lga qo‘yilishi lozim.

Shu bilan birga, «yashil logistika» tizimini ham amaliyotga tatbiq etish zarur. Mazkur loyiha bir qator xorijiy mamlakatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilib, jahon bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini keskin oshirishga xizmat qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning o‘zaro tajriba almashishi, agrosektorni rivojlantirishdagi hamkorligi ijobiy natijalarga olib kelishiga ishonchimiz komil!

O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid