Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe Nara shahrida nutq so‘zlayotgan vaqtda hujumga uchradi. Uning ahvoli og‘ir.
![](https://storage.kun.uz/source/8/a_nkuQN81PXfbUDEelfW9YB3fp_9E9Zn.jpg)
NHK xabariga ko‘ra, unga qarata o‘q otilgan. Siyosatchi shifoxonaga yotqizilgan.
Abe Nara shahrida parlamentning yuqori palatasiga saylov kampaniyasi doirasida nutq so‘zlagan. Shu paytda unga qarata 2 marta o‘q otilgan. Siyosatchi hushini yo‘qotgan.
Politsiya suiqasd uyushtirishda gumonlanuvchining qo‘lga olingani haqida xabar berdi. U Nara shahrida yashovchi 41 yoshli fuqaro bo‘lib chiqdi. Voqea joyida unga tegishli qurol topilgan.
Politsiya xabariga ko‘ra, Abening yuragi to‘xtab qolgan. Hukumat mulozimining aytishicha, sobiq bosh vazirning ahvoli og‘ir, u hushsiz holda.
Nikkei gazetasining politsiyaga tayanib yozishicha, Abe orqa tomondan o‘qqa tutilgan.
Sindzo Abe 2006-2007 va 2012-2020 yillarda Yaponiya bosh vaziri lavozimida ishlagan edi. 2020 yilda Abe sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli lavozimni tark etish qarorini e’lon qildi.