O‘zbekiston | 14:50 / 29.07.2022
9479
2 daqiqa o‘qiladi

Norov ShHT kengayishining ikkinchi to‘lqini boshlanganini e’lon qildi

Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Shanhay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi.

Foto: Kun.uz

TIV rahbari o‘z nutqi davomida ShHT kengayishining ikkinchi to‘lqini boshlanganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ShHT rivojlanishi yangi bosqichi uning kengayishining ikkinchi to‘lqini boshlanishi bilan belgilanishi mumkin.

«O‘zbekiston buni tashkilotimiz evolyutsiyasidan dalolat beruvchi tabiiy jarayon deb biladi. Eron Islom Respublikasining to‘laqonli a’zoligiga erishish yo‘lidagi yutuqlarni alohida ta’kidlamoqchiman. Belarus Respublikasi arizasini o‘rganish jarayoni boshlandi», — dedi u.

Shuningdek, Misr, Saudiya Arabistoni va Qatarga ShHT bo‘yicha muloqot hamkori maqomini berishga oid memorandumlar imzolashga tayyorligi ma’lum bo‘ldi.

Samarqand sammitida Bahrayn va Maldiv orollariga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish tartibini boshlash bo‘yicha ham qarorlar qabul qilinishi mo‘ljallanmoqda.

«Shu bilan birga, biz Ozarboyjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga ShHTda kuzatuvchi maqomi berish masalasiga yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz kerak», — deya xulosa qildi Norov.

ShHTga 2001 yilda O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston tomonidan asos solingan. Keyinchalik Hindiston va Pokiston tashkilotga qo‘shildi. Kuzatuvchi davlatlar: Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston. Muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar: Ozarboyjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.

Mavzuga oid